Jahon banki 187 mamlakatda ayollar huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganishga qaratilgan «Ayollar, biznes va qonun» tadqiqoti natijalarini e’lon qildi.

Tadqiqotga tayyorgarlik ko‘rish uchun ekspertlar mamlakatlarning so‘nggi o‘n yildagi qonunchilik bazasini o‘rgandi. Baho berishda erkin harakatlanish, ishga joylashish, mehnatga haq to‘lash, nikoh va farzandlar, shaxsiy biznesini yuritish, aktivlarni boshqarish va pensiya ta’minoti kabi ko‘rsatkichlarga baho berdi.

O‘zbekiston gender tengsizligi darajasi bo‘yicha 100 imkoniyatdan 70,6 ball to‘plab, MDH mamlakatlari orasida eng oxirgi o‘rinni egalladi. Gvatemala ham xuddi shunday ko‘rsatkich qayd etgan bo‘lsa, Kongo 70 ball bilan keyingi o‘rinni egalladi.

Markaziy Osiyo davlatlaridan Tojikiston — 81,8 ball, Qirg‘iziston — 76,8 ball, Qozog‘iston — 75,6 ball to‘plagan bo‘lsa, Turkmaniston reytingga kiritilmadi.

Belgiya, Daniya, Fransiya, Latviya, Lyuksenburg va Shvetsiya eng yuqori ko‘rsatkich — 100 baldan to‘pladi. Eng so‘nggi pog‘onalarda esa Suriya (34,3 ball), Qatar (32,5), Eron (31,2), Sudan va BAA (29,3) va Saudiya Arabistoni (25,6) o‘rin egalladi.