25 fevral kuni taxminan 11:29 da Surxondaryo viloyati Termiz tumanida istiqomat qiluvchi B.E. At Termiziy ko‘chasidagi tuman hokimiyati binosi oldida o‘ziga o‘t qo‘ydi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Erkak o‘zi bilan 0,5 litr miqdorida benzin olib kelib, yoqilg‘ini ustiga quyadi va o‘zini yoqib yuboradi. Alanga oqibatida tan jarohati olgan B.E. Termiz tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Viloyat sud tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, fuqaro tanasining 15−20 foiz qismi I-II darajali alangadan termik kuyish jarohatini olgan. Kuyish og‘irligi «o‘rtacha» deb baholandi.

Mazkur holat yuzasidan hozirda Termiz tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.