O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n sakkizinchi yalpi majlisida ma’ruza qilgan Senat raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev maktab ta’limi tizimidagi kamchiliklarga e’tibor qaratdi.

Senat raisi ta’lim sifati kutilgan darjada emasligini ta’kidlab o‘tdi.

«O‘zbekiston davlat byudjetining xarajatlarida umumta’lim sohasi yetakchi o‘rinni egallab kelmoqda. Biroq, tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, maktablarning moddiy-texnik bazasi, soha xodimlari uchun shart-sharoitlar kundan-kunga yaxshilanib borayotgan bir sharoitda ta’lim sifati va natijadorlik kutilganidek emas.

Buning asosiy sabablaridan biri — maktab darslikla- rini ta’lim standartlari va dasturlar asosida tayyorlash, chop etish va tarqatishda yo‘l qo‘yilayotgan jiddiy kamchilik- lar, xatolar va boshqa mavhumliklarda, deb bilamiz.

E’tibor bering: so‘nggi uch yilda Davlat byudjeti va maqsadli kitob jamg‘armasining qariyb 307 mlrd. so‘m mablag‘i evaziga 98 mln. nusxadan ortiq darsliklar chop etilgan. Ammo ularni yaratishga oid mukammal huquqiy asoslar shu paytga qadar to‘liq shakllanmagan", — dedi u.

Nig‘matilla Yo‘ldoshev shuningdek darsliklarni tayyorlash borasidagi kamchiliklarga ham e’tibor qaratdi.

«Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 22 noyabrdagi 548-sonli Qarori bilan tasdiqlangan «Darsliklarni ishlab chiqish uchun mualliflar tarkibini tanlab olish va tasdiqlash tartibi to‘g‘risida"gi Nizomda esa, darsliklar loyihasini tegishli fan o‘quv dasturlari asosida ishlab chiqish, ekspertlar guruhi tomonidan bu loyihalarni qanday mezonlar asosida baholash tartibi belgilanmagan. Oqibatda, ilk bosqichdayoq darsliklar o‘quv dasturlariga muvofiq tayyorlanmagan.

Buning ustiga, hukumatning ushbu qaroriga muvofiq, darsliklarni tanlab olish bo‘yicha komissiyaga kelib tushgan darsliklarni ko‘rib chiqish va baholash to‘g‘risidagi axborot sir saqlanishi belgilab qo‘yilgan.

Bu esa, darsliklar loyihalarini shaffof baholash, ular yuzasidan keng jamoatchilik fikrini o‘rganish, o‘qituvchilarning, ota-onalarning, tegishli ekspert va boshqa muta-xassislarning haqqoniy, xolis munosabatini bilish imkonini deyarli yo‘qqa chiqargan.

Vafot etgan mualliflarning darsliklarini qayta nashr qilish tartibi ham aniq belgilanmagan. Oqibatda darsliklar qator o‘zgartirishlar bilan marhumlar nomidan chop etilmoqda.

Masalan, 7-sinf «O‘zbekiston tarixi» darsligining muallifi A.Muhammadjonov 2016 yilda vafot etgan. Biroq, uning darsligidagi barcha mavzular qayta ishlangan, 6 ta mavzu yangidan yozilgan va darslik 2017 yilda marhum muallif nomidan qayta nashr etilgan.

Darsliklarning tender savdolari orqali g‘olib bo‘lgan turli nashriyotlarda nashr etilishi o‘quv materialining uzviyligi, uyg‘unligi va izchilligini, shuningdek, predmetlararo aloqaning bog‘liqligini ta’minlashga to‘siq bo‘lmoqda.