Oliy Majlis Senati payshanba kuni 18-yalpi majlisda «O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qonunni ma’qulladi, deya xabar qildi «Gazeta.uz» muxbiri.

Qonun prezident, Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a’zolari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatlari saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soluvchi amaldagi qonunlar normalarini bitta hujjatga birlashtiradi, shuningdek fuqarolarning erkin ovoz berish huquqlarini ta’minlashni kafolatlaydi.

Kodeksni ishlab chiqishda 20 dan ortiq davlat, jumladan Fransiya, Gollandiya, Kanada, Italiya, Shvetsiya, Belgiya, Polsha, Albaniya, Belarus va Ozarbayjon tajribalari, shuningdek xalqaro saylov standartlari, jumladan YeXHT DIIHB tavsiyalari va Venetsiya komissiyasi takliflari o‘rganildi.

Saylov kodeksida Qonunchilik palatasidagi deputatlik o‘rinlarining umumiy soni saqlab qolindi — 150 o‘rin, bunda Ekologik harakat vakillari uchun kvota o‘rinlari bekor qilindi.

Hujjatda ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va yengil jinoyatlarni sodir etgani uchun ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning saylovlarda ishtiroki bo‘yicha cheklov bekor qilindi.

O‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan xalq deputatlari tuman va shahar kengashlariga nomzodlarni ilgari surish tartiblari bekor qilinmoqda. Shunday qilib, faqatgina siyosiy partiyalar xalq deputatlari viloyat. Tuman va shahar kengashlari deputatligiga nomzodlarni ilgari surish huquqiga ega bo‘ladi.

Qonunchilik darajasida O‘zbekiston saylovchilarining yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish tartiblari ishlab ishlab chiqilmoqda. Natijada saylovchi faqat bitta ro‘yxatdan joy olib, «bir saylovchi — bir ovoz» tamoyilining amalga oshirilishi kafolatlanadi. Majlisda qayd etilganidek, saylovchilarning elektron reyestri 1 aprelga qadar shakllantiriladi.

Saylov byulletenida saylovchi ovoz berayotgan nomzod familiyasining qarshisiga bitta emas, balki uchta belgidan: «+», «√» yoki «X» qo‘yishi mumkinligi belgilandi.