Hukumatning 2019 yil 26 fevraldagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Nizomga muvofiq, Jamg‘arma mablag‘laridan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:
o‘quv va ilmiy adabiyotlarni chop etish va kitob fondini to‘ldirish;

o‘quv binolari, talabalar turar joylari, sport inshootlari qurish va rekonstruksiya qilish;
axborot-kommunikatsiya, multimedia va tarmoq qurilmalari, texnikalari hamda dasturiy ta’minotlarni xarid qilish;

o‘quv va ilmiy laboratoriyalarni zarur materiallar bilan ta’minlash;

xorijning yetakchi olim, professor-o‘qituvchi va mutaxassislarini jalb etish;

xorijiy ekspert va konsultantlarni jalb etish;

respublika tanlovlari g‘oliblarini taqdirlash va rag‘batlantirish.