Prezident maktablariga qabul Kembrij universitetining Imtihon kengashi tomonidan o‘tkaziladi, deya xabar qildi Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati.

28 fevral kuni XTV va Kembrij Universitetining Cambridge Assessment International Education brendi ostida faoliyat yurituvchi Imtihon kengashi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.

Mazkur hujjat Prezident maktablari o‘quv jarayonlarini rivojlantirish va shakllantirishda XTV hamda Cambridge Assessment International Education o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi, deyiladi xabarda.

Memorandum doirasida prezident maktablariga iqtidorli o‘quvchilarni qabul jarayonini adolatli, ishonchli va shaffof o‘tkazishni joriy etish belgilandi.

Cambridge Assessment prezident maktablarida o‘quvchilarning intellektual salohiyatini ochishga yordam beruvchi o‘quv dasturlarini joriy etishda ko‘mak beradi.

Shuningdek, prezident maktablari rahbariyati hamda o‘qituvchilari malakasi xalqaro me’yorlarga muvofiq oshiriladi.

Imtihon Kengashi (UCLES) Kembrij universitetining notijorat kafedrasi hisoblanib, dunyoning 170 dan ortiq mamlakatlaridagi 10 mingta maktabda 8 milliondan ziyod o‘quvchilarga bilimini baholashda ko‘mak beradi. Kembrij Universitetida har yili 30 mingdan ortiq ekspertlar tomonidan baholash jarayoni o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, 20 fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoev «Prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Hujjatga ko‘ra, prezident maktablari mamlakatning barcha hududlarida bosqichma-bosqich tashkil etiladi. Birinchi uchta maktab joriy yilda Nukus, Toshkent va Xivada ochilishi belgilangan.

Prezident maktablariga kirish imtihonlari yozma, og‘zaki hamda mantiqiy fikrlash natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi.