O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining o‘n sakkizinchi yalpi majlisida ma’ruza qilgan Senat raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev o‘quv darsliklarining tayyorlanishi va darslarni o‘zlashtirilishi bilan bog‘liq muammolar haqida fikr bildirdi.

Har bir darslik bo‘yicha tajribali, yetarli ilmiy-amaliy va pedagogik salohiyatga ega bo‘lgan mualliflar jamoasi shakllantirilmagan, dedi u.

«Hattoki, ayrim darsliklar bo‘yicha nizom talablariga zid ravishda Ilmiy-metodik kengash a’zolaridan kamida uchta taqriz olinmayapti. Bundan tashqari, darsliklar loyihalari Ilmiy-metodik kengash tomonidan chuqur tahlillar asosida jiddiy muhokama qilinmayapti.

Yana bir achinarli holat shundaki, ta’lim davlat tilidan boshqa tillarda olib boriladigan maktablarda o‘zbek adabiyotini alohida fan sifatida o‘qitish ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Ta’lim boshqa tillarda olib boriladigan maktablarning 10 va 11-sinf adabiyot darsliklarida o‘zbek adabiyotini o‘zlashtirishga butun boshli o‘quv yili uchun bor-yo‘g‘i 4−8 soat ajratilgan, xolos. Mazkur maktablarda davlat tilining haftasiga bor yo‘g‘i 2 soat o‘qitilayotgani taajjubli holdir.

Savol tug‘iladi: qanday qilib bunday ahvolda yoshlarda o‘z Vataniga muhabbat, el-yurtiga hurmat va sadoqat tuyg‘ularini shakllantirish mumkin ?! Agar rus tilida tahsil olayotgan 581 ming nafardan ortiq bolaning aksariyati o‘zbek farzandlari ekanligini inobatga olsak, bu savollarning naqadar og‘riqliligini, ularga javobni uzoq yillar afsuslanib izlashga to‘g‘ri kelishini his qilish qiyin emas, deb hisoblaymiz. Yuqorida tilga olingan hamda darsliklar bilan bog‘liq ko‘plab muammolar, tabiiyki, ta’lim sifatiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda", dedi Senat raisi.

Nig‘matilla Yo‘ldoshev shuningdek darslarni o‘zlashtirish borasidagi faktlarga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan 2017−18 o‘quv yilida umumta’lim maktablarining 8, 9-sinf o‘quvchilari orasida ona tili va matematika fanlaridan o‘tkazilgan yozma ish natijalari o‘quvchilarning ushbu fanlar bo‘yicha o‘zlashtirishi talab darajasida emasligini yaqqol ko‘rsatdi.

8-sinf o‘quvchilarining ona tilidan o‘zlashtirish darajasi mamlakat bo‘yicha 72 foizni, 9-sinf o‘quvchilarining matematikadan o‘zlashtirishi esa, 54 foizni tashkil etgan, xolos.

Ayniqsa, ona tilidan o‘zlashtirish Toshkent shahrida 58 foizni, Namangan viloyatida 32 foizni, matematikadan o‘zlashtirish Qoraqalpog‘istonda 26 foiz, Namangan viloyatida 23 foiz, Toshkent shahrida bor-yo‘g‘i 13 foizni tashkil etgani tashvishli holdir.

Biz ta’lim sifati, pirovardida butun millat kelajagiga daxldor bo‘lgan mazkur masalalar va muammolar ko‘lamining g‘oyat kengligi, ular yuzasidan mas’ul vazirlik va idoralar, olim va amaliyotchilar, ekspertlar, qolaversa, keng jamoatchilik munosabati muhim ekanligini inobatga olib, umumta’lim maktablari darsliklarini tayyorlashning bugungi holati yuzasidan bir qator savollar bayon etilgan parlament so‘rovini Bosh vazir o‘rinbosariga yo‘llashni lozim topdik.

Mazkur so‘rov bilan bog‘liq masala bugungi yalpi majlisimizda muhokama etiladi", dedi Senat raisi.