Namangan viloyati hokimining 2019 yil 26 fevraldagi qaroriga ko‘ra, Ayubxon Orifjonovich Kamolov Namangan viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Ayubxon Kamolov 1971 yil 22 fevralda Namangan shahrida tug‘ilgan. Ma’lumot oliy, 1993 yilda Leningrad qishloq xo‘jaligi instituti va 2001 yilda Namangan muhandislik — pedagogika institutini tamomlagan. U mehnat faoliyatini 1993 yilda Namangan viloyati hokimi huzuridagi istiqbolni belgilash va statistika bosh boshqarmasi bozor munosabatlari istiqbolini belgilash bo‘limida 1-toifali mutaxassis sifatida boshlagan.

Mehnat faoliyati davomida u Istiqbolni belgilash va statistika bosh boshqarmasi hududlarni kompleks va ijtimoiy taraqqiyot yig‘ma bo‘limi, «G‘allabank» Namangan viloyati filiali, Markaziy bank Namangan viloyati bosh boshqarmasi, «Asaka» bank Namangan viloyati filiali, O‘zbekiston «Banklar assotsiatsiyasining universal birja markazi» MCHJ, «Asaka» bank Kreditlash departamenti, respublika Moliya vazirligida mas’ul va rahbarlik vazifalarida ish olib borgan.

Ayubxon Kamolov 2017 yildan hozirgi vaqtga qadar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi ijrochi direktori sifatida faoliyat yuritib kelayotgandi.