Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 8 oydan buyon Koreya Respublikasining Seul shahridagi shifoxonada og‘ir ahvolda yotgan O‘zbekiston fuqarosi Abram Oqilov bilan bog‘liq vaziyatga munosabat bildirdi.

Avvalroq «Ozodlik» radiosi tahririyatga yuborilgan xatni e’lon qilgan, unda Abram Oqilov va uning oilasi yordamga muhtojligi yozilgan edi. Maqolada mehnat migrantining shifoxonadagi palatasidan video ham ilova qilingan.

27 fevral kuni O‘zbekiston tashqi migratsiya agentligining Janubiy Koreyadagi vakili Alisher Sulaymonov bemorni ko‘rib, uning akasi Aziz Oqilov bilan uchrashdi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, Abram Oqilov 2018 yil 27 iyunda o‘zi ishlagan plastik qurilish materiallari ishlab chiqarish sexi direktori bilan birga shifoxonaga salomatligidagi muammo bilan murojaat qiladi. Unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatiladi va ukol qilinadi. Shundan so‘ng u noma’lum sababga ko‘ra komaga tushib qoladi. Shifokorlar unga «organizmda o‘tkir kaliy yetishmovchiligi» tashhisini qo‘ydi. Shu sababli Oqilovning asab tizimi hamda miyasining bir qismi ishlashdan to‘xtagan.

Yigit shifoxonaga yotqizilgan. Uzoq vaqt harakatsiz yotgani sababli bemor tanasining turli qismlarida yotoq yaralari paydo bo‘lib, yiringlash boshlangan. Hozirgi vaqtda Abram Oqilovning ahvoli og‘ir, ammo barqaror, deya xabar qildi Mehnat vazirligi.

2018 yil 31 dekabr holatiga ko‘ra, shifoxonada davolanish haqi 103,1 ming koreys voni (93 ming dollarga yaqin) miqdorida hisoblangan. Biroq hozircha hech kim aybni zimmasiga olgani yo‘q va sug‘urta kompaniyasining maxsus inspeksiyasi tekshiruv olib bormoqda. Inspeksiya xulosasini taqdim etganidan so‘ng ish sudga topshiriladi va yakuniy qaror qabul qilinadi.

Jabrlanuvchining akasi Aziz Oqilov zarur ma’lumotlarni to‘plash va hujjatlarni tegishli instansiyalarga taqdim etish uchun advokat yollagan. U hodisa aybdorini (shifoxona yoki ish beruvchi) aniqlash hamda onasi va opasi uchun uch oylik viza olishga yordam ko‘rsatilishini so‘radi.

Abram Oqilovni O‘zbekistonga olib kelish va uning davolanishigako‘mak ko‘rsatish belgilangan.

«Vaziyat bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyevning shaxsiy nazorati ostida», — deya qayd etdi Mehnat vazirligi.

O‘zbekiston TIV ham avvalroq O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi vaziyatni nazoratga olganini ma’lum qilgan edi.