Oliy Majlis Senati o‘n sakkizinchi yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish masalasi muhokama qilindi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Unga ko‘ra,

Uchuvchisiz uchadigan apparatlar, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirganlik uchun javobgarlik belgilanadi;

shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun jarima miqdorlari oshiriladi;

mualliflik huquqlarni buzganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi.

Jumladan, qonun bilan Jinoyat, Jinoyat protsessual kodekslariga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga uchuvchisiz uchadigan apparatlar, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirganlik, o‘tkazganlik, olganlik, saqlaganlik yoki ulardan foydalanganlik, shuningdek, uchuvchisiz uchadigan apparatlarni saqlash, ulardan foydalanish yoki boshqa shaxslarga berish tartibini buzganlik, shuningdek, ulardan boshqa maqsadlarda foydalanganlik jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Bunda uchuvchisiz uchadigan apparatlarni qonunga xilof ravishda olib kirishda, o‘tkazishda, olishda, saqlashda yoki ulardan foydalanishda ularni o‘z ixtiyori bilan topshirgan shaxs javobgarlikdan ozod qilinishi mumkinligi haqida qo‘shimcha kiritilmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun jarima miqdorlari oshirilishini, qurilish sohasida nazorat qilish va yo‘l-qurilish ishlarining sifati ustidan nazorat qilish inspeksiyalarining ko‘rsatmalarini bajarmaganlik (yakka tartibdagi uy-joy qurilishi ob’ektlaridan tashqari), ob’ektlarni qurilish sohasidagi va yo‘l-qurilish ishlarining sifati ustidan nazorat qilish inspeksiyalarining ruxsatisiz qurganlik uchun javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Bunda arxitektura va qurilish bo‘yicha organlarning ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi bayonnomalarni tuzishga oid vakolatlari Qurilish sohasida nazorat qilish va yo‘l-qurilish ishlarining sifati ustidan nazorat qilish inspeksiyalariga berilmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zganing tovar belgisidan, xizmat ko‘rsatish belgisidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan yoki firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanganlik, mualliflik huquqini va turdosh huquqlarni, ixtiroga, foydali modelga va sanoat namunasiga bo‘lgan huquqlarni buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.