O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining o‘n sakkizinchi yalpi majlisida ma’ruza qilgan Senat raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev o‘quv darsliklarining sifati va mazmuniga oid qator muammolarni sanab o‘tdi.

Darsliklarda bir-birini rad etadigan xulosalar, mavhumliklar va nomuvofiqliklar ko‘payib ketganligi o‘qituvchi va o‘quvchilarni chalg‘itmoqda, dedi Senat raisi.

Jumladan, Nig‘matulla Yo‘ldoshevning misol keltirishicha, 8-sinf «O‘zbekiston tarixi» darsligining 21-mavzusida Xiva xonligida hunarmandchilikning 27 sohasi mavjud bo‘lgani xaqida yozilsa, shu darslikning 24-mavzusida mazkur xonlikda hunarmandchilikning 50 dan ortiq turi mavjud, deb ma’lumot berilgan.

8-sinf «Jahon tarixi» darsligining 12-mavzusida Angliyada monarxiyaning qayta tiklanish davri deb 1660 yil ko‘rsatilgan bo‘lsa, aynan shu darslik oxirida keltirilgan muhim tarixiy sanalarda bu davr 1688 yil, deb ko‘rsatilgan.

Bunday misollarni boshqa fanlar bo‘yicha darsliklarda ham ko‘plab uchratish mumkin.

Shuni ham qayd etish joizki, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 6 apreldagi 187-sonli Qarori talablariga zid ravishda umumiy o‘rta ta’limning o‘quv dasturi tayanch o‘quv rejaga nomuvofiq tarzda va amaliyot bilan bog‘lanmagan holda ishlab chiqilgan, — dedi Nig‘matulla Yo‘ldoshev.

Masalan:

  • 1-sinf «Yozuv daftari"da ayrim harflar «Alifbe» darsligida o‘tiladigan vaqtga to‘g‘ri kelmaydi;
  • 3-sinf «Ona tili» darsligini bolalar o‘quv yili tugamasidan ancha oldin o‘qib bo‘lmoqda;
  • 10-sinf «Biologiya» darsligining kamida 12 soatlik darslarda o‘qitilishi lozim bo‘lgan butun boshli boblar bitta 45 daqiqali darsda o‘tilmoqda.

Aksariyat hollarda, darsliklar nazariyotchi olimlar tomonidan amaliyotdan yiroq holda yaratilmoqda. Ushbu jarayonga tajribali maktab o‘qituvchilari yetarli darajada jalb etilmayapti.

Oqibatda, nazariyaga ortiqcha «botib» ketgan ayrim mavzular va topshiriqlar o‘quvchilar yoshiga nisbatan o‘ta murakkab tarzda bayon etilmoqda, ularni o‘zlashtirish g‘oyat og‘ir yoki amalda umuman mumkin emas.

Masalan, 1-sinf o‘quvchilariga ilk o‘quv yilining boshidanoq turli harflardan iborat so‘zlarni topish mashqlari berilgan. Oqibatda murg‘ak bola hali tanimagan harfini yozishga, ulardan yozma so‘z tuzishga «majburlanmoqda».

3-sinf «Matematika» darsligining 70-betida, qavsdan chiqarish amallari o‘rgatilmagan bo‘lsada, 9 yoshli bolaga qo‘sh qavsli murakkab tenglamani yechish topshirig‘i berilgan.

Bunday misollarni 3-sinf matematika, 5-sinf geografiya va 7-sinf «Fizika» fanilari bo‘yicha darsliklardagi murakkab topshiriqlardan ham keltirish mumkin.