Jizzax viloyati Zafarobod tumanidagi 10- maktabning 6-sinf o‘quvchisi janjal vaqtida olgan jarohatdan emas, balki yurak xastaligidan vafot etgan, deya xabar qildi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmatlari.

«Ozodlik» radiosi 26 fevral kuni o‘smirning shanba kungi janjal vaqtida olgan tasodifiy zarbadan vafot etganini xabar qilgan edi.

XTVning qayd etishicha, 12 yoshli bola Zafarobod tuman poliklinikasida tug‘ma yurak parogi tashxisi bilan dispanser nazoratida turgan. Shu sababli o‘quvchi jismoniy tarbiya darslaridan ozod etilgan bo‘lib, faqat nazariy bilimlari asosida baholangan.

Bosh prokuratura «Ozodlik» tarqatgan bolaning yuqori sinf o‘quvchilari bilan mushtlashuv vaqtida olgan jarohat sababli olamdan o‘tgani to‘g‘risidagi xabarni rad etdi.

«Mazkur xabar haqiqatga mos kelmaydi. Mazkur maktabning6-sinf o‘quvchilari ikkinchi smenada tahsil oladi, hodisa esa 10:40 da sodir bo‘lgan. Ikkinchi smena esa 13:05 da boshlanadi», — deyiladi XTV xabarida.

23 fevral kuni onasidan ruxsat olgan bola futbol o‘yinini tomosha qilish uchun maktab stadioniga boradi.

«U futbol tomosha qilgan, to‘p maydon chetiga chiqqanini ko‘rib, uning ortidan yugurgan. Taxminan 10:30 da u to‘p ortidan chopib, yiqilgan va xushini yo‘qotgan. Bolalar bu haqda maktab direktori o‘rinbosariga ma’lum qilgan, u esa tez tibbiy yordam chaqirgan. Tez tibbiy yordam shifokorlari hodisa joyiga 10:43 da yetib kelgan. Zafarobod tuman tibbiyot birlashmasida 11:00 da bolaning vafoti qayd etilgan», — deya xabar qildi Bosh prokuratura.

«Hodisa joyida na yuqori sinf o‘quvchilari, na kichik sinf o‘quvchilari bo‘lgan», — deya qayd etdi XTV.

Mazkur holat yuzasidan Zafarobod tuman prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv olib bormoqda. Bosh prokuratura ishni nazoratga oldi.