Adliya vazirligi va USAID sud-huquq islohoti bo‘yicha 10 million dollarlik qo‘shma dasturni amalga oshirmoqda. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Dasturning asosiy maqsadi — qonun ustuvorligini ta’minlashni qo‘llab-quvvatlash, yuristlar va sud-huquqi tizimi xodimlarining malakasini oshirish, fuqarolik jamiyati va NNT uchun qulay huquqiy muhitni shakllantirishdir.

Bu Toshkentda AQSHning xalqaro rivojlanish bo‘yicha agentligi (USAID)ning O‘zbekistondagi sud-huquq islohotiga doir dasturi taqdimotiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda qayd etildi.

Tadbirda adliya vaziri R.Davletov, USAID va boshqa xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi.

Ma’lumot uchun: USAIDning O‘zbekistonda sud-huquq islohoti bo‘yicha dasturi (JRUP)ning amalga oshirilishi umumiy miqdori 10 million AQSH dollaridan ortiq mablag‘ni tashkil etadi. Dastur 3 yillik muddatni o‘z ichiga qamrab olgan bo‘lib, mamlakatimiz hukumatining qonun ustuvorligini ta’minlash,qonunchilik va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish hamda respublikada fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kabi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan.

Harakatlar strategiyasiga muvofiq, O‘zbekistonda keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy, sud-huquq islohotlari amalga oshirilmoqda.

USAIDning O‘zbekistondagi sud-huquq islohotiga doir dasturining amalga oshirilishi o‘tgan yilning 8 iyunida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va USAID o‘rtasida imzolangan Qonun ustuvorligini mustahkamlashni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumida ko‘zda tutilgan. Bu davlatimiz rahbarining AQSHga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida adliya vazirining Vashington shahrida imzolagan kelishuvlarining mantiqiy davomi bo‘ldi.

USAIDning O‘zbekistonda sud-huquq islohotiga doir dasturi Adliya vazirligihamda turli davlat organlari va tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Mazkur dastur 2017−2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasida belgilangan asosiy maqsadlarga erishishga yangicha turtki bo‘ladi. Xususan, yuristlar malakasini oshirish bo‘yicha yangi imkoniyatlar yaratiladi, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, kutubxonalar, onlayn-ta’lim va tadqiqot resurslari imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida AQSH universitetlari bilan sheriklik munosabatlari o‘rnatiladi.

Shuningdek, fuqarolar va jamoatchilik ishtirokidagi nazorat mexanizmlarini ishlab chiqish modellarini yaratish va amaliy tadqiqotlar o‘tkazish, axborot bilan ta’minlash va huquqiy islohotlarni monitoring qilish uchun fuqarolik jamiyatining imkoniyatlarini rivojlantirish masalalari ham rejalashtirilgan.