Joriy yilning 2−12 mart kunlari Rossiyaning Krasnoyarsk shahrida Butunjahon qishki universiada bo‘lib o‘tadi. Ushbu nufuzli sport anjumanida O‘zbekiston sport delegatsiyasi ham ishtirok etadi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Musobaqada yurtimiz sharafini Ali To‘xtayev va Ivan Merkushin murabbiyligida Komiljon To‘xtayev, Damir Buxarbayev, Aldiyor Gaipov, Yekaterina Lyabina hamda Jasur Mahmudov himoya qilishadi.

Kichik Olimpiada, deya ta’riflanadigan Butunjahon talabalar sport o‘yinlari yoki soddaroq qilib aytganda Universiada mana 50 yildirki, ahamiyati jihatidan jahon sport arenasida ikkinchi xalqaro kompleks tadbir hisoblanadi.

Universiada — Xalqaro talabalar sporti federatsiyasi (FISU) shafeligida talabalar o‘rtasida, Olimpiya sikldan farqli ravishda har ikki yilda bir marotaba o‘tkaziladigan xalqaro musobaqa hisoblanadi. Bahslarda 17 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan talabalar va musobaqa o‘tkazilayotgan yilda diplom olgan bitiruvchilar ishtirok etishlari mumkin.

Bu galgi Universiadada 50 dan ortiq davlatdan 3000 nafarga yaqin sportchi ishtirok etishi kutilyapti. Talaba-sportchilar biatlon, tog‘ chang‘isi, kerling, chang‘i poygalari, snoubord, konkida figurali uchish, fristayl, xokkey, to‘pli xokkey, chang‘ida mo‘ljalni olish va short-trek kabi 11 ta sport turi bo‘yicha 76 ta medallar jamlanmasi uchun kurash olib borishadi.