O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 26 fevralda «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Qarorga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi hamda Samarqand viloyati hokimligining Samarqand shahrida «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali o‘n ikkinchi marta 2019 yilning 26−30 avgust kunlari o‘tkazilish haqidagi taklifi ma’qullandi.

Shuningdek, Qaror bilan Festivalga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita tarkibi tasdiqlandi.

Festival doirasida «Sharq xalqlari an’anaviy musiqa san’atini rivojlantirish istiqbollari» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladi. Unda xorijlik va mahalliy taniqli musiqashunos olim va mutaxassislar hamda tadqiqotchilar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etadi.