Samarqand shahridagi Kaftarxona ko‘chasida vaqtincha joyni ijaraga olgan holda nqonuniy aviakassa faoliyatini yuritib, fuqarolarlir chuv tushirgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Samarqand viloyat IIB transportda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘limi katta tergovchisi Anvar Doniyorov «Zarafshon» gazetasiga ma’lum qildi.

Sh.Aliqulova Rossiyaga borish uchun zarur tayyorgarlikni ko‘rdi, avvalo, chipta sotib olib, so‘ng narsalarini joylashtirdi. Belgilangan vaqtda yaqinlari, qarindoshlari bilan xayr-xo‘shlashib, aeroportga kelib, chiptalarni rasmiylashtirish bo‘limiga kelganida chiptaning qalbaki ekani ma’lum bo‘ldi.

O‘sha kuni uchib keta olmagan Sh.Aliqulova darhol bu haqda ichki ishlar bo‘limiga xabar qiladi.

Chipta sotib olingan joy, ya’ni Samarqand shahridagi Kaftarxona ko‘chasida bu paytga kelib aviakassaning izi ham yo‘q edi. Surishtiruv natijalariga ko‘ra, firibgarlar vaqtincha joyni ijaraga olib, aviakassa sifatida birmuncha vaqt faoliyat ko‘rsatgan.

Tezkor tadbirlar natijasida firibgarlarning shaxsi aniqlandi. Ular 24 nafar fuqaroga Turkiya va Rossiya davlatlariga aviachipta sotishga ulgurgan.

Ayni kunda tergov-surishtiruv ishlari davom etmoqda. Jabrlanuvchilarga pullarini qaytarish ishlari olib borilmoqda.