2018 yil 19 oktyabr kuni Toshkent shahrida imzolangan O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi hukumati o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasida Rossiya Federatsiyasining oliy ta’lim bo‘yicha ta’lim muassasalari filiallarini tashkil etish va ularning faoliyat yuritishi to‘g‘risidagi bitim tasdiqlandi. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi hukumati va Rossiya Federatsiyasi hukumati o‘rtasida oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitimda O‘zbekistonda Rossiya oliy ta’lim muassasalari filiallarini tashkil etish hamda ularning faoliyat yuritish shartlari va tartibi belgilanmaganligi sababli xalqaro shartnomani imzolash zarurati yuzaga keldi.

Umumiy jihatlar qatori, o‘tgan yil oktyabrda imzolangan bitimda ta’lim jarayonini tashkil etish masalalari ham tartibga solingan. Xususan, belgilanishicha, filiallarda Rossiya standartlariga muvofiq keluvchi o‘quv dasturlari bo‘yicha ta’lim beriladi. O‘qish rus tilida olib boriladi, biroq o‘zbek tili va O‘zbekiston tarixi o‘rganiladi. Bitiruvchilarga Rossiya namunasidagi ta’lim olganlik to‘g‘risida hujjatlar beriladi. Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 1 martdan O‘zbekistonda bunday hujjatlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri, maxsus sinovlarsiz nostrifikatsiya qilinadi.

Ma’lumot uchun. Ayni paytda O‘zbekistonda Rossiyadagi to‘rtta oliy ta’lim muassasasining filiallari ochilgan:

G. V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti;

M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti;

I.M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti;

Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti.