O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 26 fevraldagi qaroriga binoan Teshayev Shuhrat Juroqulovich O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar berdi.

Qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari sifatida Teshayev paxtachilik, g‘allachilik, qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish va qishloq xo‘jaligining suv uchun ehtiyojlarini tahlil qilish masalari bilan shug‘ullanadi.

Teshayev Shuhrat Toshkent davlat agrar universiteti bitiruvchisi, ma’lumot bo‘yicha olim-agronom.

Tayinlovga qadar Farg‘ona viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimini egallagan.

Bundan avval O‘zbekiston Paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti Bosh direktorining o‘rinbosari, «Paxta» ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi bosh direktori va O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri bo‘lib faoliyat yuritgan.