27 fevral kuni Toshkentdan Hindistonning Amritsar shahriga parvoz qilgan Uzbekistan Airways milliy aviakompaniyasiga tegishli Boeing 767 samolyoti poytaxtga qaytdi. MAK samolyoti 12:35 da Toshkent aeroportiga qo‘ndi.

Samolyotning ortga qaytishiga Pokiston tomonidan mazkur havo yo‘lagi bo‘yicha parvozlarni amalga oshirishga taqiq qo‘yilgani sabab bo‘ldi, deya xabar qildi «Gazeta.uz"ning MAKdagi axborot manbasi.

Ayni vaqtda Hindistonga parvozlarni amalga oshirish uchun aylanma yo‘nalishlarni ishlab chiqish masalasi hal etilmoqda, deya xabar qildi Uzbekistan Airways matbuot xizmati.

26 fevral kuni Hindiston Pokiston hududidagi «Jaishi Muhammad» jangarilar guruhi lageriga havo zarbalari berilganini ma’lum qildi. «Jaishi Muhammad» 14 fevral kuni Kashmirdagi terakt uchun javobgarlikni zimmasiga oldi. Hujum oqibatida 45 nafar hind politsiyachisi halok bo‘lgan edi.

Chorshanba kuni Pokiston harbiy havo kuchlari ikkita hind harbiy samolyotini urib tushirdi. Bu haqda Tvitterda Pokiston Qurolli kuchlari rasmiy vakili Asif G‘afur Tvitterda ma’lum qildi.

Asif G‘afur bir uchuvchi katapulta qilishga ulgurgani va yerga qo‘nganidan so‘ng qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Boshqa ikki hind harbiy xizmatchisining taqdiri hozircha noma’lum.