O‘zbekistonda kelgusi o‘quv yilidan boshlab OTMlarda sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot va gumanitar fanlar sohasida 72 ta yangi ta’lim yo‘nalishi ochiladi, deya xabar qildi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi o‘zining Telegram-kanalida.

«Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tez sur’atlarda rivojlanayotgan va malakali kadrlarga ehtiyoj mavjud sohalar hamda ular uchun zarur bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlari aniqlandi», — deyiladi xabarda.

Kelgusi yillarda quyidagi 8 ta sohalar uchun 72 ta yangi ta’lim yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi:

  • Muhandislik ishi;
  • Ishlab chiqarish texnologiyalari;
  • Arxitektura va san’at;
  • Psixologiya, sotsiologiya va jurnalistika;
  • Sog‘liqni saqlash;
  • Iqtisodiyot va xizmat ko‘rsatish sohasi;
  • Baliq xo‘jaligi va atrof-muhit muhofazasi;
  • Pedagogika va gumanitar fanlar.

Rejalashtirilayotgan ta’lim yo‘nalishlari qatorida strategik ob’ektlarni loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi, uchish apparatlari va dvigatellaridan texnik foydalanish, nanotexnologiyalar (tarmoqlar bo‘yicha), urbanistika, shaharsozlikni rejalashtirish, arxitektura yodgorliklari rekonstruksiyasi va restavratsiyasi, ijtimoiy, oilaviy munosabatlar psixologiyasi, ommaviy kommunikatsiyalar sotsiologiyasi, harbiy jurnalistika kabilar keltirib o‘tilgan.

Sog‘liqni saqlash sohasida esa jismoniy reabilitatsiya va ergoterapiya, allergologiya va immunologiya, gegematologiya, bolalar jarrohligi, onkologiya, nefrologiya, endokrinologiya, klinik radiologiya, tibbiy genetika, kosmetologiya, plastik jarrohlik va psioterapiya yo‘nalishlari paydo bo‘ladi.