O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2019 yil 26 fevralda «II Xalqaro maqom san’ati anjumanini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoyishi qabul qilindi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Farmoyish bilan Xalqaro maqom san’ati anjumanini ikkinchi marta 2020 yil sentyabr oyining birinchi yarmida o‘tkazish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi hamda Qashqadaryo viloyati hokimligining taklifi ma’qullandi.

Shuningdek, farmoyishga muvofiq, 2019 yil 1 apreldan boshlab respublika va jahon miqyosida anjuman targ‘iboti tashkil etiladi. Targ‘ibot doirasida o‘tkaziladigan tanlov shartlari va ilmiy-amaliy konferensiya mavzusi e’lon qilib boriladi.

2020 yil 1 iyunga qadar respublika hududlarida maqom ansambllarining konsert dasturlari, «Yosh maqom ijrochilari», bastakorlar o‘rtasida «Maqom yo‘lida yaratilgan eng yaxshi asar» kabi nominatsiyalar bo‘yicha respublika tanlovlari hamda taniqli maqomshunos olimlar, tajribali maqom ijrochilari ishtirokida ijodiy uchrashuvlar va mahorat darslari o‘tkazilib boriladi.

2020 yil 1 avgustga qadar anjuman doirasida «Maqom san’atini rivojlantirish istiqbollari» mavzusida o‘tkaziladigan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya dasturi ishlab chiqiladi. Shuningdek, anjumanda ishtirok etadigan xorijiy hamda mahalliy musiqashunos va maqomshunos olimlar, taniqli san’atkorlar, yetuk mutaxassislar, faxriy mehmonlar ro‘yxatini shakllantiriladi.

Shahrisabz shahridagi Maqom muzeyi ushbu san’atga oid tarixiy, ilmiy-ijodiy manbalar, qadimiy va zamonaviy cholg‘u asboblari va boshqa yangi eksponatlar bilan boyitiladi.

Eslatib o‘tamiz, Xalqaro maqom san’ati anjumani O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 17 noyabrdagi «O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bilan Shahrisabz shahrida har ikki yilda bir marta o‘tkazilishi belgilangan.