Hukumatning 2019 yil 25 fevraldagi qarori bilan «Tadbirkorlik sub’ektlariga ajratilgan yer uchastkalarida meva-sabzavot mahsulotlarini bevosita ularni yetishtirish joylarida sug‘orish, tayyorlash va saqlash bo‘yicha yengil konstruksiyali infratuzilma ob’ektlarini qurish uchun yer uchastkasi ajratish tartibi to‘g‘risida"gi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Nizomga muvofiq, tadbirkorlar yerga yengil konstruksiyali ob’ektlar hamda issiqxonalar qurish uchun arizani shaxsan yoki pochta orqali hokimiyatlarga beradi.

Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

tadbirkorning davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi;

yer uchastkasi guvohnomasining nusxasi.

Tuman hokimligi bir ish kunida arizani ko‘rib chiqib, hujjatlarni yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasining tuman filiallariga (ijrochiga) yuboradi.

Ijrochi besh ish kunida yengil konstruksiyali ob’ektlar hamda issiqxonalar qurish uchun yer uchastkasi ajratish materiallarini tayyorlaydi va ularni kelishish uchun bir ish kunida vakolatli organlarga yuboradi.

Vakolatli organlar uch ish kunida xulosani ijrochiga taqdim etadi hamda ijrochi uch ish kunida tuman komissiyasining dalolatnomasini, bir ish kunida hokim qarori loyihasini tayyorlaydi.

Hokim ikki ish kunida qaror qabul qiladi.