O‘zbekistonlik professional bokschi Shohjahon Ergashev bir necha kun oldin Amerika Qo‘shma Shtatlarida mezbon bokschi Maykl Foksga qarshi ringga ko‘tarilib, faoliyatidagi 16-g‘alabani qo‘lga kiritgandi. U ayni paytda O‘zbekistonda bo‘lib turibdi. Kecha uni Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov qabul qildi. Mazkur uchrashuvdan keyin u MOQ Matbuot va media departamenti vakillari savollariga javob qaytardi.


So‘nggi jangi haqida

Jang men o‘ylagandan qiyinroq kechdi. U biroz noqulay raqib edi. Bu qaysidir tomonlama mening professional boksdagi faoliyatimga ijobiy ta’sir qilishi mumkin. Chunki, xech qachon mag‘lubiyatga uchramagan bokschi bilan 10 raundlik jang o‘tkazish oson emas. Menimcha barchasi yaxshilikka bo‘ldi. Uning bo‘yi mendan 15 santimetrga baland edi. Ushbu jihat menga biroz qiyinchilik tug‘dirdi.

Dastlabki raunddayoq nokaut kutishgandi? Maykl Foks birinchi raunddayoq taslim bo‘ladigan bokschi emas. Bundan buyog‘iga raqiblar saviyasi oshadi, janglar ham qiyinlashib boradi. Endi asosan 10−12 raundlik janglar bo‘ladi. Menimcha haqiqiy professional boks jahon chempionligiga erishganingizdan so‘ng boshlanadi. Fikrimcha, eng qiyin janglarim hali oldinda. Men prof ringdagi faoliyatimni endi boshladim deb o‘ylayman.

Muxlislar, meni qo‘llab-quvvatlab turgan insonlar nokautlarimga o‘rganib qolishgan. To‘g‘ri, ular nokaut kutishadi. Doimo nokaut bilan yutishga harakat qilaman. Ammo bu boks, ringda nima bo‘lishini xech kim bilmaydi.


Endi yangi murabbiy bilan ishlaydi

Hozirda yangi murabbiy, afsonaviy Menni Pakyao bilan ishlagan Freddi Rouch bilan hamkorlik qila boshladim. Endi oson janglar bo‘lmaydi. Faqat kuchli bokschilarga qarshi ringga ko‘tarilaman. Buning uchun ko‘proq mashg‘ulotlar olib borishim kerak. Murabbiyni o‘zgartirishdan maqsad? Sportchi doimo yuksaklikka, yuqori natijalar sari intilishi lozim. O‘ylaymanki, yangi murabbiy bilan bundanda yaxshiroq natijaga erisha olaman. To‘g‘ri, bunda eng avvalo bokschining o‘ziga ko‘p narsa bog‘liq. Biroq, murabbiy sportchiga to‘g‘ri yo‘nalish berib turishi lozim.


Keyingi jang

Yana taxminan 10 kun O‘zbekistonda bo‘laman va keyin jo‘nab ketaman. Navbatdagi jangim katta ehtimol bilan 14 aprelda bo‘lib o‘tadi. Ayni paytda chempionlik kamariga juda yaqin turibman. To‘g‘risini aytsam, jiddiyroq, chempionlik kamari uchun kechadigan janglarni istayman. Menimcha, buning vaqti keldi. Buni muxlislar, xalqimiz kutmoqda.


Promouterlar chempionlik jangi tashkil qilib bera olishadimi?

Ha, chempionlik jangi aniq bo‘ladi. Bunga bir qadam qoldi. Mart oyida WBA yo‘nalishining yangilangan reytingi chiqadi va men unda birinchi o‘rinda bo‘laman. Bu esa albatta chempionlik jangida ringga ko‘tarilish imkoniyatini beradi. Maqsadim bitta — O‘zbekistonga chempionlik kamarini olib kelish. Boshqa gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Men baribir kamarni vatanimizga olib kelaman!