Hukumat qarori bilan Aholi punktlari qismlarining batafsil rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqishni moliyalashtirishda davlat-xususiy sheriklikni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Nizomga muvofiq, davlat-xususiy sheriklik (DXSH) loyihalarini amalga oshirish to‘g‘risidagi bitim tanlov asosida tuziladi va Tanlov komissiyasi tashkil etiladi.

DXSH loyihalarida ishtirok etmoqchi bo‘lganlar viloyat hokimliklariga ariza beradi.

Ariza besh ish kunida hokimliklar tomonidan o‘rganiladi va hujjatlarni qurilish bosh boshqarmalariga tanlov e’lon qilish uchun yuboradi.

Tanlov boshlanishidan 30 kun avval hokimliklarning rasmiy saytida, «O‘zbekiston bunyodkori» gazetasida va boshqa OAVlarda e’lon beriladi.

Tanlovda ishtirok etish uchun talabgor 2 nusxada buyurtmani qurilish bosh boshqarmalariga yuboradi.

DXSH loyihasini amalga oshirish uchun eng optimal deb topilgan taklif ishtirokchisi tanlov g‘olibi deb topiladi va u bilan bitim tuziladi.