Sirdaryo viloyati bojxonachilari uyali telefonlarni O‘zbekistonga noqonuniy olib kirish bilan bog‘liq bir nechta qonunbuzarlik holatlarini fosh etdi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekistonga kirib kelgan fuqaro R.N. bojxona nazoratidan o‘tish chog‘ida bojxona xodimlariga o‘z yonida hech qanday noqonuniy buyumlari yo‘qligini ma’lum qildi. Ammo, uning xatti-harakatlari xodimlarning e’tiborini tortdi. Shundan so‘ng o‘tkazilgan shaxsiy ko‘rik natijasida ushbu qonunbuzar egnidagi ko‘ylagi ostiga xorijiy davlatlarda ishlab chiqarilgan, umumiy qiymati 12,6 million so‘mlik jami 37 dona telefonlarni yashirib olganligi fosh bo‘ldi.

Yana bir shunga o‘xshash holatda fuqaro M.O. ham egnidagi ko‘ylagi ostiga umumiy qiymati 7.4 million so‘mlik jami 24 dona telefonlarni yashirib olganligi oshkor bo‘ldi.

Fuqaro X.X. 57 dona «Samsung», «Nokia» rusumli qimmatbaho telefonlarni kiyimlari ichiga yashirib olgan ekan.

Ushbu 57 dona telefonlarning umumiy qiymati esa 14 million so‘mni tashkil etdi.

Yuqoridagi 3 ta qonunbuzarlik holatlarini fosh etilishi natijasida umumiy qiymati 34 million so‘mga teng bo‘lgan 118 ta uyali telefonlar ashyoviy dalil sifatida olindi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.