2019 yil 25 fevral kuni Senatda Oliy Majlis Senati Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi ishchi guruhining Qonunchilik palatasi tomonidan joriy yil 18 fevral kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, Saylov kodeksi fuqarolarning saylov huquqlari kafolatlarini ta’minlash, Prezident, Oliy Majlis, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish, shuningdek Markaziy saylov komissiyasining faoliyati bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soladigan amaldagi saylov to‘g‘risidagi qonunlar normalarini birxillashtirishni nazarda tutadi.

Ishchi guruh a’zolari mazkur hujjat saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini inventarizatsiyalash hamda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish milliy amaliyotini umumlashtirish, shuningdek xorijiy tajribani o‘rganish natijasida tayyorlanganini qayd etdilar.

So‘zga chiqqanlar ta’kidlab o‘tganidek, Saylov kodeksi qabul qilinishi qonun hujjatlari normalari takrorlanishining oldini olish, saylov jarayonining ko‘plab tartib-taomillari masalalariga, shu jumladan uchastka saylov komissiyalari ishlarini oydinlashtirish, saylov kampaniyasining ochiqligi va oshkoraligi tamoyillarini mustahkamlash imkonini beradi.

Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari saylovida siyosiy partiyalarning ishtirok etish imkoniyatlari kengaymoqda. Xalq deputatlarining tuman va shahar Kengashlari saylovida faqat siyosiy partiyalar deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish mutlaq huquqiga ega bo‘lishi nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, Saylovchilar yagona elektron ro‘yxatining amal qilishi tartibi mustahkamlanishi saylovchilar ro‘yxatini tuzish, aniqlashtirish, unga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishda shaffoflik tamoyilini ta’minlash imkoniyatini yaratadi.

Ishchi guruh a’zolari ta’kidlaganidek, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining qabul qilinishi nafaqat saylov to‘g‘risidagi qonunlarni birxillashtirishga, balki saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini va saylov amaliyotini takomillashtirishga ham xizmat qiladi.