Prezident Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglar va indekslardagi o‘rnini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qarorga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglardagi o‘rnini monitoring qilish va baholash milliy tizimi yaratiladi.

Boshqaruv sifati va siyosatning samaradorligini o‘lchash, mamlakatda yuz berayotgan o‘zgarishlar jarayonini baholash Milliy monitoring tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi.

Milliy monitoring tizimini tashkil etishning dastlabki bosqichi sifatida tadqiqot institutlariga xalqaro reytinglar biriktirildi.

Ularga xalqaro reytinglarning metodologik va boshqa tarkibiy qismlarini aniqlash, ularni amaldagi qonunchilikka implementatsiya qilish, O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi past ko‘rsatkichlariga sabab bo‘layotgan asosiy omillarni aniqlash vazifasi yuklandi.

Davlat xizmatlarining sifatini yaxshilash maqsadida «davlat xizmatlarining sirli mijozi» instituti joriy etiladi.

2019 yil 1 aprelgacha internet tarmog‘ida «O‘zbekiston Respublikasi xalqaro reytinglarda» yagona portali yaratiladi.

Mazkur portalda xalqaro reytinglar bo‘yicha yillik hisobotlar, shuningdek, hisobotlarni o‘rganish va e’lon qilish muddatlarini ko‘rsatgan holda tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha ishlar ahvolini yaxshilashga qaratilgan xalqaro tashkilotlar va ekspertlarning tavsiyalari yoritilib boriladi.

2019 yil 1 aprelgacha O‘zbekistonning milliy manfaatlarini hisobga olib xorijiy davlatlarning ijobiy tajribasiga asoslangan reytinglar metodologiyasi tasdiqlanadi.

O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rnini, shu jumladan, tadqiqot institutlarining ma’lumotlari va o‘rganish natijalarini hisobga olgan holda yaxshilash bo‘yicha har yili «Yo‘l xaritalari» ishlab chiqiladi.