Yaqin besh yilda oltin zaxiralarining o‘sishi 474 tonnani (18,75 mlrd dollarga teng) tashkil etishi mumkin. Jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan geologiya sohasini rivojlantirish konsepsiyasi loyihasida bu haqda so‘z boradi.

Geologik va mineral resurslar davlat qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan loyiha 2020−2024-yillarga mo‘ljallangan.

Mahkama hisob-kitoblariga ko‘ra, geologik razvedka ishlariga ajratilgan mablag‘larning 45 foizi oltin qidirish, baholash va razvedkaga yo‘naltiriladi. Jumladan, bunga 230 mln dollarga yaqin investitsiya jalb etilishi belgilangan.

Asosiy ishlarni Navoiy viloyatida Markaziy Qizilqumda, shuningdek, Samarqand va Toshkent viloyatlarida olib borish rejalashtirilgan. Konsepsiyada qayd etilishicha, geologik razvedka ishlari xarajatlari bir gramm oltin uchun 0,48 dollarni (mahsulot qiymatining 1,23 foizi) tashkil etadi. Bu o‘rtacha ko‘rsatkichdan sezilarli darajada oz demakdir.

Geologiya qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2018-yil 1-yanvarda O‘zbekistonda oltin zaxiralari 5,99 ming tonnani, 2017-yil yakunlari bo‘yicha qazib olingan oltin miqdori 89,9 tonnani tashkil etgan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev fevralda hukumatga mamlakatda oltin qazib olish va sotish bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qilishni topshirdi. Bundan tashqari, respublikada xalqaro standartlar bo‘yicha geologik zaxiralarni baholash uchun chet ellik mutaxassislarni jalb qilish rejalashtirilmoqda. 2017-yilda O‘zbekiston hukumati prognoz zaxiralari 151 tonna oltin va 1,2 ming tonna kumushni tashkil etuvchi 31 ta istiqbolli maydoncha va 12 ta kon ro‘yxatini e’lon qildi.