Shu kunlarda Osiyo olimpiya kengashi prezidenti Shayx Ahmad Sabah O‘zbekistonda mehmon bo‘lib turibdi. Kecha Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov OOK prezidenti Shayx Ahmad Sabah bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda shuningdek, AIBA prezidenti G‘ofur Rahimov ham ishtirok etdi. Unda tomonlar 2030 yilgi Osiyo o‘yinlarini O‘zbekistonning Toshkent hamda Samarqand shaharlarida o‘tkazish masalalarini muhokama qilishdi.

Shuningdek, uchrashuv davomida yirik kompleks musobaqa uchun yangi sport inshootlari va Olimpiya shaharchasini qurish, logistika, qulay transport marshruti, yuqori saviyadagi tadbirlarni tashkil qila olish mexanizmi, o‘yinlar translyatsiyasi va boshqa masalalar yuzasidan fikr almashildi.

XXI Osiyo o‘yinlarni qabul qilish uchun shuningdek, Qatar, Hindiston va Filippin kabi mamlakatlar da’vorgarlik qilishmoqda.

Uchrashuv davomida OOK prezidenti O‘zbekistonda Osiyo o‘yinlarini o‘tkazish uchun imkoniyatlar yuqoriligi, mamlakatimiz hattoki bu bo‘yicha yetarli ustunliklarga ega ekanligini aytib o‘tdi. Martabali mehmon O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatda olib borilayotgan islohotlar, shuningdek sportga qaratilayotgan e’tibor bu borada muhim ahamiyatga ega ekanligini aytib o‘tdi.

Shuningdek, O‘zbekiston bungacha Osiyo o‘yinlarini qabul qilmaganligi, bu esa musobaqa geografiyasini oshirishga hizmat qilishi va ushbu kurashda O‘zbekistonning imkoniyatlarini yaxshigina oshirishini qayd etib o‘tdi.

Ushbu muzokaralar yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston Osiyo olimpiya kengashining navbatdagi Assambleyalaridan birida Osiyo o‘yinlari-2030 mezbonligi bo‘yicha o‘z taqdimotini o‘tkazishiga kelishib olindi.