Namangan viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organ xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida tovar moddiy boyliklarini noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

«Namangan-Toshkent» yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan fuqaro A.A boshqaruvidagi «ISUZU» rusumli yuk avtomashinasi Chust shahri yaqinida to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda avtomashinada xorijda ishlab chiqarilgan va hech qanday xujjatlari bo‘lmagan qiymati 85 million so‘mlik 16 turdagi kiyim-kechak mahsulotlari borligi aniqlandi.

Shuningdek, tadbir davom ettirilib Namangan shahrida fuqaro U.Jga tegishli ustaxona va uning boshqaruvidagi «Mersedes Atako» rusumli yuk avtomashinasi ko‘zdan kechirildi. Natijada, mamlakatimizga noqonuniy olib kirilgan 180 million so‘mlik 11 turdagi maishiy texnika vositalari va kiyim-kechak tovarlari borligi aniqlandi.

Tezkor tadbir davomida ashyoviy dalil sifatida olingan umumiy qiymati 265 million so‘mlik tovarlar vaqtincha saqlovga olindi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.