O‘zbek sporti tarixida ilk marotaba xalqaro ayollar kuniga bag‘ishlangan katta sport bayrami — «Nafosat-2019» ayollar spartakiadasi bo‘lib o‘tadi. Musobaqa Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida, ayollar orasida sport va jismoniy tarbiyani ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida tashkil etiladi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Ayni paytda respublika bo‘ylab musobaqaning saralash bahslari davom etmoqda. Bellashuvlar sportning gandbol, voleybol, basketbol, badminton, stol tennisi va velosport turlari bo‘yicha o‘tkaziladi.

Rejaga ko‘ra, 1−2 mart kunlari poytaxtda final bahslari bo‘lib o‘tadi. Musobaqa g‘olib va sovrindorlari diplom, medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishadi. «Nafosat-2019» spartakiadasining taqdirlash va tantanali yopilish marosimi esa 3 mart kuni «O‘zbekiston» sport majmuasida bo‘lib o‘tadi.

Tantanali yopilish marosimi yuqori saviyada tashkil qilinishi kutilmoqda. Tadbirga yengil atletikaning langarcho‘p bilan sakrash yo‘nalishida ikki karra Olimpiya o‘yinlari chempioni (2004, 2008), uch karra jahon chempioni, yopiq inshootlardagi jahon chempionatining to‘rt karra g‘olibasi, Yevropa chempioni, 28 marotaba jahon rekordini o‘rnatgan afsonaviy Yelena Isinbayeva tashrif buyuradi.

Shu kuni muxlislar o‘zbek estradasining yorqin yulduzlari ishtirokidagi konsert dasturiga ham guvoh bo‘lishlari mumkin.