Hukumatning 2018 yil 23 fevraldagi qarori bilan Meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Nizomga muvofiq, tadbirkorlar ulgurji savdo litsenziyasiga ega bo‘lmasdan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish huquqiga ega hamda ularning tushumlariga yagona soliq to‘lovi qo‘llaniladi.

Eksport dastlabki to‘lovsiz, akkreditiv ochmasdan, bank kafolatini rasmiylashtirmasdan hamda kontraktni sug‘urta polisisiz amalga oshirilishi mumkin.

Eksport qiluvchilar meva-sabzavotlarni keyinchalik eksport qilish uchun jismoniy shaxslardan sotib olganda, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozlar sotilgan mahsulotlar ularga yoki ularning oila a’zolariga ajratilgan yerlarda yetishtirilganini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilmasdan qo‘llaniladi.

Mahsulotlarni transportda tashishda tabiiy yo‘qolish kuzatilganida bu haqda tadbirkorlar Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga ma’lumot kiritadi.

Tabiiy yo‘qolishlar bo‘lganida yo‘qolish summasi debitor qarzdorlik sifatida hisobga olinmaydi.

Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritilgan eksport kontrakti bo‘yicha debitorlik qarzi mavjud tadbirkorlar avtomatik ravishda nohalol eksportchilar reyestriga kiritiladi.

Nohalol eksportchilar keyingi eksportini faqat 100 foizli oldindan to‘lov sharti bilan amalga oshiradi.


https://t.me/huquqiyaxborot