Mualliflik huquqlarini buzganlar ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin, deya esga oldi Intellektual mulk qo‘mitasi kadrlarni qayta tayyorlash o‘quv markazi direktori o‘rinbosari Vohidjon Allayorov.

U bugungi kunda o‘zbek va chet ellik mualliflar asarlarini chop etishda, jumladan mualliflar va tarjimonlar mehnatiga haq to‘lash masalalarida ko‘plab huquqbuzarliklar kuzatilayotganini qayd etdi.

«Bundan tashqari, jahon adabiyoti asarlarini tarjima qilish va chop etishda huquqlarga qat’iy rioya qilish lozim. Bu masalada muallif bilan, agar u hayot bo‘lsa yoki uning vafotiga 50 yil to‘lmagan bo‘lsa, kelishish zarur», — dedi Vohidjon Allayorov 26 fevral kuni Axborot va kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

Asarlarni internetda chop etishdan avval ham intellektual mulk egasidan (muallif yoki tarjimon) rozilik olish lozim, dedi u.

O‘zbekistonda mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasidagi munosabatlar Fuqarolik kodeksi, «Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida"gi «Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlar va ma’lumotlar bazalarining huquqiy himoyasi to‘g‘risida"gi qonun va boshqa hujjatlar bilan tartibga solinadi.

Avvalroq O‘zbekiston Jahon intellektual mulk tashkilotining mualliflik huquqi va fonogrammalarni ishlab chiqish bo‘yicha shartnomalari, shuningdek Fonogrammalar ishlab chiqaruvchilar manfaatlarini ular fonogrammalarining noqonuniy ishlab chiqarilishidan muhofaza qilish to‘g‘risidagi Jeneva konvensiyaga a’zo bo‘lgan edi.

Fevral boshida esa Intellektual mulk agentligi Adliya vazirligi tizimiga o‘tkazildi.