Samvel Babayan «Lokomotiv» futbol klubi prezidenti maslahatchisi etib tayinlandi, deya xabar qildi Toshkent jamoasi matbuot xizmati.

Xabarda qayd etilishicha, klub prezidenti Mansur Rajabov klub infratuzilmasini yaxshilash va uni yangi darajaga olib chiqish, bolalar va o‘smirlar futbol maktablarini rivojlantirish, boshqaruvning zamonaviy uslublarini joriy etish va jamoaning moddiy-texnik bazasini takomillashtirish vazifalarini qo‘ygan.

Eslatib o‘tamiz, 2014 yilda Samvel Babayan rahbarligi ostida «Paxtakor» Oliy liga chempioni, uning o‘zi esa O‘zbekistonda yil murabbiyi bo‘lgan edi. 2015 yilda Babayan O‘zbekiston termasiga boshchilik qildi, 2017 yil 7 sentyabrda esa 2018 yilgi jahon chempionati saralash bosqichlaridagi omadsiz natijalar sababli iste’foga chiqarildi.

2018 yil 15 yanvar kuni O‘zbekiston Futbol federatsiyasi Toshkentning «Paxtakor» jamoasida ishlagan vaqtida futbolchilar shartnomalari borasida nayranglar qilganlikda ayblab, uni futbol sohasidagi har qanday faoliyatdan chetlashtirdi. Murabbiy JCH-2018 saralash musobaqalarida milliy termaning mag‘lubiyatida ham ayblandi.

2018 yil mart oyi oxirlarida mutaxassis Yurmalaning (Latviya) «Spartak» klubiga rahbarlik qildi. Biroq 13 aprelda Babayanda Laviya Oliy ligasida ishlash uchun Yevropa murabbiylar litsenziyasi yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. OFK murabbiylarni litsenziyalash tizimi UEFAning xuddi shunday tizimidan farq qilgani sababli UEFA tomonidan tekshiruv o‘tkazildi.

23 aprelda Samvel Babayan «Spartak» bosh murabbiyi lavozimini tark etib, klub texnik direktori lavozimiga tayinlandi.