26 fevral kuni 10:26 da Andijon ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi hududidagi «Issiqlik manbai» AJga qarashli isitish qozonining portlashi yuz berdi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, hodisa natijasida shahardagi 4-umumta’lim maktabining 18 nafar 9- «g» sinf o‘quvchilari turli darajada yengil jarohat olgan. Ular Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filiali travmatologiya qabulxonasiga olib kelingan.

Ular zudlik bilan zarur tekshiruvlardan o‘tkazilib, shifokorlar tomonidan shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatildi. 18 nafar bemor kuzatuv ostida bo‘lib turibdi. Olib kelinganlardan 4 nafari holati tekshirilib, neyroreanimatsiya bo‘limiga yotqizildi, jumladan, 2 nafar bemorda zudlik bilan jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. 10 nafar qo‘shimcha murojaat qilganlarga ambulator-psixologik yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berildi.

Jabrlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatish, zarur dori-darmonlarni yetkazib berish bo‘yicha barcha choralar ko‘rilgan. Vaziyat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan nazoratga olingan.