O‘zbekistonlik professional bokschi Shahram G‘iyosov kecha Meksikaning Tixuana shahrida o‘zining yettinchi jangida ringga ko‘tarildi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu jangda u mezbon sportchi Edgar Puertoga qarshi ringga ko‘tarildi. Shahram bu jangida ham muddatidan oldin g‘alaba qozondi. Beshinchi raundda uning ketma-ket zarbalaridan so‘ng raqib muvozanatni yo‘qotdi. Shu sabab, hakam bahsni to‘xtatdi va Shahram jangni muddatidan oldin o‘z foydasiga hal qildi.

Mazkur bahs orqali G‘iyosov faoliyatidagi yettinchi jangida yettinchi g‘alabani rasmiylashtirdi. U janglarining 6 tasida raqiblarini nokautga uchratgan. Meksikalik Edgar Puertoning o‘tkazgan janglari soni esa 38 taga yetdi. Ularning 25 tasida g‘alaba qozongan (19 ta nokaut). 12 marotaba mag‘lubiyatga uchragan (6 ta nokaut) va 1 ta durangga erishgan.