24 fevral kuni Osiyo olimpiya kengashi (OCA) prezidenti Shayx Ahmad Al-Fahad As-Sabah Toshkent shahriga tashrif buyurdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Martabali mehmon Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida AIBA prezidenti G‘ofur Rahimov, MOQ prezidenti Umid Ahmadjonov boshchiligidagi Milliy olimpiya qo‘mitasi mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari tomonidan kutib olindi. As-Sabah bilan birga delegatsiya tarkibida Xalqaro kurash assotsiatsiyasi prezidenti, OSA Osiyo o‘yinlari departamenti direktori Haydar Farmon, OCA kotibi Lyusen Alvarez ham O‘zbekistonga keldi.

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oliy Majlisga qilingan murojaatnomada O‘zbekiston Osiyo o‘yinlarini o‘tkaza olishga qodir mamlakat ekanligini alohida qayd etib o‘tgandi.

Shu munosabat bilan Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyati bu boradagi loyihani hayotga tatbiq etishni boshlab yuborgan. Bu bo‘yicha 2030 yilgi Osiyo o‘yinlarini Toshkent va Samarqandda o‘tkazish bo‘yicha ariza Osiyo Olimpiya Kengashiga taqdim etilgan. 2030 yilgi Osiyo o‘yinlarini qabul qilish uchun O‘zbekistondan tashqari Qatar, Hindiston va Filippin kabi mamlakatlar da’vogarlik qilmoqda.

O‘zbekistonning Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qilish imkoniyatlarini keng muhokama qilish maqsadida As-Sabah boshchiligidagi delegatsiya ikki kun davomida O‘zbekistonda bo‘ladi.