Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Askar Maminni bosh vazir lavozimiga tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, deya xabar qildi Oqo‘rda matbuot xizmati.

Avvalroq, 21 fevral kuni Nursulton Nazarboyev «iqtisodiyotda ijobiy o‘zgarishlar bo‘lmagani sababli» mamlakat hukumatini iste’foga chiqargan edi. Bunga qadar bosh vazirning birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatib kelgan Askar Mamin hukumat rahbari vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.

«O‘tgan yillar davomida u o‘ziga biriktirilgan uchastkalarda aniq natijalarga erishdi. Askar Uzakpayevich o‘zini tajribali menejer sifatida ko‘rsatdi. Mamin Askar Uzakpayevichning yangi hukumat faoliyatini samarali tashkil etish uchun eng maqbul nomzod deb hisoblayman», — dedi Qozog‘iston prezidenti 25 fevral kuni Parlament Majlisining yalpi yig‘ilishida.

Parlament Majlisi deputatlari Askar Mamin nomzodini bir ovozdan ma’qulladi.

Hukumatning yangi rahbariyati turmush darajasini oshirish, iqtisodiyotni rag‘batlantirish va strategik vazifalarni amalga oshirish uchun «amaliy qadamlarni» ishlab chiqishi lozim, dedi Nursulton Nazarboyev.

Askar Mamin turli vaqtlarda Ostona hokimi, transport va kommunikatsiyalar vaziri, «Qazaxstan temir joli» kompaniyasi rahbari lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. Mamin 2016 yil sentyabrdan Qozog‘iston Vazirlar Mahkamasini boshqarib kelayotgan Bakitjan Sagintayev o‘rniga bosh vazir etib tayinlandi.