2019 yil 22 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqdaO‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Unda deputatlar mamlakat ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlashga, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada yaxshilashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar.

Keyingi besh yil davomida O‘zbekistonning dunyo mamlakatlarida biznes yuritishga yaratilgan imkoniyatlar, qulayliklar hamda ularning huquq va erkinliklarini ta’minlovchi qonunchilik normalarini baholovchi eng nufuzli xalqaro tashkilotlar — Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining «Biznes yuritish» yillik hisoboti (reyting)dagi o‘rni 2 baravardan ortiq yaxshilanib, jahonning 190 ta mamlakati orasida 146-o‘rindan 2018 yilda 76-o‘ringa ko‘tarildi. Biroq O‘zbekistondagi biznes yuritish uchun mavjud shart-sharoitlar xalqaro normalar va standartlarga to‘liq javob beradi, deb bo‘lmaydi. Bu esa, sohaning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish vazifasi dolzarbligicha qolayotganini anglatadi

Majlis kun tartibiga kiritilgan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi aynan shu masalaga qaratilgani, mamlakatimizning biznes yuritish borasidagi imijini yanada yaxshilashga xizmat qilishi tufayli deputatlarning qizg‘in bahs-munozarasiga sabab bo‘ldi.

Qayd etilganidek, loyihada «Biznes yuritish» hisoboti metodologiyasida qulay tadbirkorlik muhitini yaratishga qaratilgan talablarni qonun hujjatlariga kiritish nazarda tutilgan. Ya’ni, qonun loyihasi bilan kiritilayotgan o‘zgartishlarga muvofiq, endilikda yuridik shaxslarning ko‘chmas mulkini sotish to‘g‘risidagi shartnomasini notarial tasdiqlashning majburiy tartibini hamda aksiyadorlik va mas’uliyati cheklangan jamiyatlarning ustav kapitalining mininal qiymatiga qo‘yilgan talablarni bekor qilish va ustav kapitalining eng kam miqdoriga oid talablarni litsenziya talablari bilan belgilashga doir normalar kiritilmoqda.

Shuningdek, aksiyadorlik jamiyatlari ustav kapitalidagi chet ellik investorning ulushi kamida 15 foizni tashkil etishi kerakligi to‘g‘risidagi talabni ham bekor qilish ko‘zda tutilmoqda. Aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan qo‘shimcha atsiyalar chiqarilishida aksiyadorlarga o‘zlarining ulushlarini saqlab qolishlari uchun imtiyozli huquq berish, aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan auditorlik tekshiruvini albatta o‘tkazish uchun auditorlik tashkilotini tanlash vakolati faqatgina aksiyadorlar umumiy yig‘ilishiga berish nazarda tutilyapti.

Deputatlarning fikricha, mazkur qonunning qabul qilinishi korxonalardagi korporativ boshqaruvni yaxshilash, minoritar aksiyadorlarning huquq va qonuniy manfaatlari himoyalash, O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyatini olib borish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi.