Namangan viloyati hokimligida Xitoyning «Zhongye Wanda» kompaniyasi rahbari Fenju Jiang va Tayvanning «Kai Shing Trading Co Ltd» kompaniyasi rahbari Ten Syuyekay bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati xabar berdi.

Investorlarga Malayziya xalqaro savdo assotsiatsiyasi (SMITA) katta maslahatchisi Tomas Su hamkorlik qildi.

Xorijlik ishbilarmonlar Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov va viloyat mutasaddi tashkilotlari rahbarlariga o‘z invest loyihalarini taqdim etishdi.

«Zhongye Wanda» kompaniyasi Namangan shahrida mehmonxona kompleksi, biznes-apartamentlar, 20 qavatli ofis binosini o‘z ichiga olgan aqlli ekoshahar qurish loyihasini namoyish etdi. Umumiy qiymati 70 mln dollar bo‘lgan bu loyiha 20 gektar maydonda barpo etilishi ko‘zda tutilgan. Loyihani amalga oshirish muddati 3 yil ekani qayd etildi.

Tayvanning «Kai Shing Trading Co Ltd» kompaniyasi katta maydonda naslli tovuq boqish, uning go‘shtini qayta ishlash va tovuq essensiyasi ishlab chiqarishni o‘z ichiga olgan parrandachilik klasteri loyihasini taqdim etdi. 40 mln dollar bilan 4 yil davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyiha yakunida yilliga 20 mln bosh tovuq etishtirib, uning go‘shtini qayta ishlash ko‘zda tutilgan.

Har ikki loyiha viloyat hokimligi tomonidan ijobiy qabul qilindi va qurilish uchun yer maydonlari ko‘rsatildi. Yaqin kunlarda har ikki kompaniya bilan investitsion shartnoma imzolashga kelishib olindi.