Farg‘ona viloyati bojxonachilari mamlakatga tovar-moddiy boyliklar, xususan, sifati kafolatlanmagan oziq-ovqat mahsulotlarini noqonuniy olib kirilishi bilan bog‘liq holatni fosh etdilar. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

«Farg‘ona» chegara bojxona posti xodimlari tomonidan qo‘shni mamlakatdan kirib kelgan fuqaro D.G‘.ning qing‘irligi o‘z vaqtida fosh etildi. Ushbu shaxs o‘zining «MAN» rusumli yuk avtomashinasi yukxonasida maxsus yashirin joy yasab, bojxonachilarni chalg‘itishga urinib ko‘rdi.

Ammo, bojxonachilar belgilangan tartibda avtomashinani ko‘zdan kechirish jarayonida, qo‘lbola usulda yasalgan xufya joy borligini payqab qolishdi. Natijada ushbu joyga yashirib qo‘yilgan, umumiy qiymati 702,2 million so‘mni tashkil etuvchi 3244 dona sifati kafolatlanmagan biologik faol qo‘shimchalar, 239 kilogramm qovun va tarvuz urug‘i hamda 78 kilogramm shokolad mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olindi.

Yuqoridagi holat yuzasidan tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.