«Ijtimoiy fikr» markazi telefon va Internet tarmog‘i orqali ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va mamlakatimiz hayotining boshqa yo‘nalishlariga doir dolzarb joriy masalalar yuzasidan aholi o‘rtasida blits-so‘rov o‘tkazishni boshlaydi. Bu O‘zbekiston prezidentining 22 fevraldagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Hujjat bilan «Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi etib qayta nomlandi.

Markazning asosiy vazifalari:

  • xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik, shuningdek, tashqi siyosat sohalarida — mamlakat mudofaa qobiliyatini, fuqarolar o‘rtasida va dinlararo tinchlik hamda totuvlikni mustahkamlashga, tashqi siyosat sohasidagi faoliyat samaradorligini yanada oshirishga yo‘naltirilgan islohotlar to‘g‘risidagi jamoatchilik fikrini o‘rganish va tahlil qilish;
  • fuqarolar dunyoqarashini shakllantirishning asosiy yo‘nalishlarini, ularning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, axloqiy, huquqiy ongi holati va mazmunini belgilash, aholining siyosiy, huquqiy madaniyati darajasini o‘rganish va ularni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilash;
  • ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning holati va dinamikasi to‘g‘risida, aholining ijtimoiy fikri haqida ishonchli axborotni tarqatish;
  • xorijiy tadqiqotchilik amaliyotida faol foydalaniladigan va zamonaviy axborot yondashuvlariga tayanadigan sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazishni tashkil etish texnikasi va texnologiyalarini ishlab chiqish, moslashtirish, tatbiq etish va ularning keng usullarini qo‘llash, jamoatchilik fikrini o‘rganish metodologik asoslarini tahlil qilish va takomillashtirish.

«Ijtimoiy fikr» markazi tomonidan o‘tkazilgan sotsiologik so‘rov natijalari Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida muntazam muhokama qilinadi va ular bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rish amaliyotga joriy etiladi. «Ijtimoiy fikr» markazi tomonidan o‘tkazilgan sotsiologik so‘rov natijalari OAV, markaziy davlat telekanallari, bosma nashrlar va markazning veb-saytida doimiy yoritib borilishi zarurligi belgilandi.

Ikki hafta muddatda sotsiologik so‘rovlar yakunlarini yoritish maqsadida «O‘zbekiston 24» telekanalida doimiy faoliyat yuritadigan «Ijtimoiy fikr» («Obestvennoye mneniye») maxsus ruknini tashkil etish topshirildi.

«Xalqaro amaliyot va mamlakatimiz tajribasi sotsiologik tadqiqotlarni ijtimoiy sheriklik prinsiplari asosida o‘tkazish jarayonida nohukumat tashkilotlarning salohiyatidan yanada kengroq foydalanish va shu maqsadlarda davlat buyurtmasini sifatli bajarish, aholini mazkur jarayonga faolroq jalb etish uchun shart-sharoitlar yaratish zarurligini ko‘rsatmoqda», — deyiladi hujjatda.