O‘zini prokuratura xodimi deya tanishtirib, odamlarni aldab yurgan Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi Bekzod Hakimov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ustidan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudining raisi Baxtiyor Tavakkalov «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Avvaliga u Namangan viloyatidagi turli boshqarma va idoralarga borib, ularning boshliqlari hamda tuman, shahar bo‘limlari, filiallari rahbarlarining xizmat va uyali telefon raqamlarini aniqlab oldi.

So‘ng telefon orqali o‘sha idora va boshqarma boshliqlariga o‘zini viloyat prokuraturasining xodimi Bekzod deb tanishtirib, tuman rahbarlari o‘ziga qo‘ng‘iroq qilishlarini tayinladi.

Shunga ko‘ra, Norin tuman qurilish kasb-hunar kolleji direktori M. Redjapov 2018 yil 6 noyabr kuni unga birinchi bo‘lib aloqaga chiqadi.

— Domla, yuqoridan mehmonlar kelgan. Shularning tushlik xarajati uchun yordamlashib yubormasangiz bo‘lmaydi, — deydi B. Hakimov balandparvoz ohangda. — Sizning oldingizga yigitlarimizdan birini jo‘¬nataman.

Keyin esa, u kollej direktorining oldiga o‘zi boradi va prokuratura xodimi Bekzod yuborganini ay¬tadi. Firibgarning so‘zlariga ishongan M. Redjapov 300 000 so‘mni berishga majbur bo‘ladi. Shundan so‘ng B. Hakimovning «ishtaha"si butkul ochilib ketadi.

Oqibatda 2018 yilning 7 noyabridan — 13 noyabriga qadar yana o‘zini Namangan viloyat prokuraturasining xodimi Bekzod deya tanishtirgan holda, «yuqoridan kelgan mehmonlarning tushligi va ularni kuzatish uchun» degan vaj bilan:

— «Namangangaz» hududiy filialining Norin tuman gaz uchastkasi boshlig‘i A. Mirahmedovdan 100 000 so‘m;

— Mingbuloq tuman gaz uchastkasi boshlig‘i A. Mirzahmedovdan 400 000 so‘m;

— Pop tuman gaz uchastkasi boshlig‘i I. G‘oyibnazarovdan 1 500 000 so‘m;

— Norin tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori A. Mavlonovdan 300 000 so‘m;

— Uychi tumani tibbiyot birlashmasi bosh shifokori N. Rasulovadan 300 000 so‘m mablag‘ni qo‘lga kiritadi.

U firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirgan jami 2 900 000 so‘m miqdoridagi mablag‘ni shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuboradi.

Bundan tashqari bu firibgar kimsa 2018 yil 8 noyabrda Chortoq tuman elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i A. Rustamovga, Chortoq tumani tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Z. Mamajonovaga, 2018 yil 10 noyabrda Pop tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Shohrux Azbekovga, 2018 yil 13 noyabrda Uchqo‘rg‘on tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Akramjon Najmiddinovga ham qo‘ng‘iroq qilib, o‘sha «tanish» talabni qo‘yadi. Ammo ularni o‘z tuzog‘iga ilintirolmaydi.

Masalan, Sh. Azbekov telefon orqali gaplashgach, «Mayli, xabarlashamiz» deydi-yu, keyin uning qo‘ng‘iroqlariga javob bermay qo‘yadi.

Shunga qaramay, B. Hakimov jinoiy xatti-harakatini to‘xtatmaydi. Bir kuni qilmishi fosh bo‘lsa, qonun oldida javob berishini bilsa-da, buni tan olishni istamaydi. Nafs qutqusidan uning ko‘zlari butkul so‘qir bo‘lib qolgandi.

Shuning ta’sirida Bekzod 2018 yil 14 noyabrda yana «ov"ga chiqadi. Bu safar u To‘raqo‘rg‘on tumani tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Yunusxon Abdupattayevni nishonga oladi. Shu maqsadda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga sim qoqib, tuman bosh shifokori o‘ziga qo‘ng‘iroq qilishini tayinlaydi.

— Do‘xtir, men viloyat prokuraturasidan Bekzodman, — deydi u Yu. Abdupattayevga yana bir marta o‘zini tanishtirib. — Shu desangiz, respublikadan mehmonlarimiz bor edi. O‘zingizdan qolar gap yo‘q, ularni kutib olib kuzatguncha sizdek akaxonlarimizga suyanmasak, kimga suyanamiz. Yaxshiligingiz bizda ham qolib ketmaydi.

B. Hakimov shunday deb undan 200 AQSH dollari berishini so‘raydi.

— Xo‘p bo‘ladi. Xodimlarimdan biri omonatni sizga olib boradi, — deydi Yu. Abdupattayev o‘z noroziligini sezdirmay.

Shundan so‘ng u Namangan viloyat prokuraturasiga telefon orqali murojaat qiladi. Oqibatda B. Hakimov To‘raqo‘rg‘on tumani tibbiyot birlashmasi shifokorlaridan biri G‘ulomjon Mahkamovdan kimyoviy ishlov berilgan 800 000 so‘m pulni olayotgan vaqtida ushlanadi.

Shundan so‘ng B. Hakimovga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «b"-bandi va 25,168-moddasi 3-qismi «b"-bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.

— O‘sha kuni menga «Namangangaz» hududiy filialidan qo‘ng‘iroq qilib, viloyat prokuraturasidan Bekzod ismli xodim so‘rayotganini aytishdi va uning telefon raqamini berishdi. Avvaliga bunga hayron bo‘ldim. Tinchlikmikin, biror fuqarodan shikoyat tushdimikin yoki o‘zim qandaydir xatolikka yo‘l qo‘ydimmikan, deb o‘yladim. Shuning uchun B. Hakimovga qo‘ng‘iroq qildim. U esa, yuqoridan mehmonlar kelganligini aytib, ularning tushligi va boshqa xarajatlari uchun bir yarim million so‘m so‘radi. Men rozi bo‘lib, Namangan shahridagi FHDYO binosi oldida so‘ralgan pulni uning qo‘liga tutqazdim, — deb sud majlisida ko‘rsatma berdi jabranuvchi, Pop tuman gaz uchastkasi boshlig‘i Isomiddin G‘oyibnazarov. — Tergov paytida pulimni qaytarib oldim, hozir unga nisbatan da’voim yo‘q.

Darhaqiqat, sudlanuvchi sud majlisiga qadar jabrlanuvchilarga yetkazilgan 2 900 000 so‘mlik zararni qopladi. Jinoyat kodeksining 168-moddasi 5-qismida yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda, ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmasligi belgilangan.

Sud B. Hakimovga nisbatan har oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 3 yil axloq tuzatish ishlari jazosini tayinlab, uni darhol sud zalidan ozod qildi.