Fevralda Qoraqalpog‘istondagi avtotrassada yirik hajmli yuklar ortilgan treylerlar ko‘zga tashlandi. Ayrim guvohlar ularni «silindr mahluqlar» deb ham atadi. O‘zbekiston Energetika vazirligi Telegram-kanalida xabar qilishicha, ushbu texnologik uskunalar Qashqadaryo viloyatidagi sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha zavodning (Uzbekistan GTL) qurilish maydonchasiga yetkaziladi.Ikkita asosiy texnologik uskuna O‘zbekistonga Janubiy Koreyadan bir necha mamlakat orqali dengiz yo‘li va boshqa yo‘nalishlar orqali yetkazildi. Uskunalar zavodga mart oyida yetib boradi.

Og‘irligi 550 tonna, uzunligi 39 metr va diametri 6,9 metrga teng hamda og‘irligi 350 tonna va uzunligi 25 metr bo‘lgan ushbu qurilmalar bunyod etilayotgan zavodning sintetik suyuqliklarni ishlab chiqarish sexida qo‘llaniladi.

«Bu qurilmalar yordamida hosil bo‘ladigan sintez (metan + kislorod) fizik-kimyoviy reaksiyalar va texnologik jarayonlar natijasida sintetik suyuq yoqilg‘iga, ya’ni yarim tayyor mahsulotga aylantiriladi. Undan esa yana bir necha jarayonlarni bosib o‘tib, asosiy neft mahsulotlari — dizel, kerosin va nafta olinadi», — deyiladi xabarda.

Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoning 24 mamlakatidagi 129 ta zavodda jami 11 mingdan ziyod texnologik uskunalar ishlab chiqarilmoqda. Bugungi kunda 116 ta to‘plamdan ziyod yuqori texnologik uskunalar qurilish maydonchasiga yetkazilgan bo‘lib, u yerda ularni montaj qilish va o‘rnatish ishlari boshlangan. 153 ta to‘plam ishlab chiqaruvchi zavodlardan yuklab, qurilish maydonchasiga jo‘natilgan va ular O‘zbekistonga olib kelinmoqda.

Ayni vaqtda GTL zavodining qurilishi faol sur’atda davom etmoqda. Shartnomaning to‘liq yakunlanishi sharti bilan amalga oshirilishidagi umumiy siljish 71 foizdan oshdi. Qurilish maydonchasiga 5 ming nafardan ortiq ishchi, quruvchi va muhandis safarbar etilgan. 500 dan ziyod qurilish va maxsus texnika jalb qilingan.

GTL loyihasining amalga oshirilishi har yili 1,5 million tonnagacha bo‘lgan hajmda import qilinadigan neft-mahsulotlari o‘rnini bosish imkonini beradi. Sintetik yoqilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha zavodning xom ashyo bazasi — Sho‘rtan gaz-kimyo kompleksi metani hisoblanib, uning hajmi yiliga 3,6 milliardkubometrni tashkil etadi.