24 fevral kuni ertalab Toshkentdagi Anhor kanali bo‘yida joylashgan 78-uyda istiqomat qiluvchi Xosiyat Xolmatova «Gazeta.uz"ga qo‘ng‘iroq qilib, uyda isitish tizimi ishlamayotganini ma’lum qildi. Ayolning so‘zlariga ko‘ra, eng kamida uchta kvartiradagi odamlar binoni tark etgani yo‘q. Hokimiyatning barcha mulkdorlar huquqlari ta’minlanishi to‘g‘risidagi bayonoti tasvirlangan videorolikda esa uyda birgina ayol yashashda davom etayotgani aytiladi. «Gazeta.uz» qolgan fuqarolar bilan suhbatlashish uchun u yerga bordi.

78-uy tomining yarmi yo‘q. Binoning chap qismida uchinchi qavat buzilgan. G‘isht va chiqindilar uyumi har tarafni egallagan. Yuk mashinalari va yirik texnikalar motorlari gurillaydi. Hovlida o‘choq ustida qozon qaynaydi, atrofida odamlar, kimdir yuvilgan kiyimlarni quritadi. Vayronalar. Bu manzaralardan so‘ng pod’ezdga kirishga qo‘rqasan ham kishi.

Xosiyat Xolmatova 63 yoshda. U artrit xastaligi sababli harakatlanishga qiynaladi. Ayol 86 yoshli onasi bilan ushbu uyda yashashda davom etmoqda. Shahar Davlat aktivlarini boshqarish markazi raisi Otabek (o‘z familiyasini aytishni istamadi) ayolga vaqtinchalik turar-joy topishga va 20 fevralgacha ularni ko‘chirishga va’da bergan edi. Biroq nafaqaxo‘r ayol hamon qog‘oz qutilar to‘shalgan o‘z kvartirasida yashashda davom etmoqda.

«Avval Otabek bizga Qoraqamishda to‘rtinchi qavatdan kvartira topdi. Artritim sababli zinalardan ko‘tarila olmayman, shuning uchun rad etdim. Keyin u bizni rieltorlarga topshirdi. Ular uch oy oldindan to‘lovli 200 dollarlik kvartira topishdi. Hokimiyat esa uch oyga 4,2 mln so‘m ajratmoqda. Bizda ijaraga turish uchun ortiqcha pulimiz yo‘q», — deydi ayol.

Shanba kuni uyda istiqomat qilayotganlar ikki soatga gaz va suv o‘chirilishi haqida ogohlantiriladi. Kechga borib suv berishadi. Isitish tizimi ham o‘chiriladi.

«Quvurlarda suv bor, lekin qozonxonaga yetib bormayotganga o‘xshaydi. Isitish tizimi ishlamayapti. Kecha kechqurun qozonxonadan kelishdi, bugun ham. Batareyalardan suv oqayapti, lekin ular sovuq», — deydi Xosiyat Xolmatova.

Xolmatovalar ko‘chishi kerak bo‘lgan uy fevralda berilishi lozim edi. Endi ko‘chish martga qoldi. Xosiyat Hasanboyevna kafolat xatida uy qachon topshirilishi va muddat yana cho‘ziladigan bo‘lsa, hokimiyat keyin ham kvartira ijara pulini to‘lash-to‘lamasligi yozilmaganini aytadi.

«Og‘zaki va’dalarga ishonmayman ortiq. Menga: davlat vakillari sizni qanday aldashimiz mumkin, deb aytishadi. Lekin qo‘shnilarimiz biz kvartira tanlagan Qori Niyoziydagi uyni ko‘rib kelishdi. Ularning aytishicha, u yerda hali ko‘p ish qilinishi kerak».

Ayollarga bunday uyda yashash qo‘rqinchli. Gumburlash va taraq-turuqlar tinmaydi. Devorlar yoki tomni buzishayotganda, uy xuddi zilzila bo‘layotgandek titrashni boshlaydi.

«Onam kecha ko‘chaga chiqishni xohladi. Atrofda hech kim yo‘qdek. U juda qo‘rqdi. Men atayin uni chiqarmadim. Chunki menga uyning fotosuratlarini ko‘rsatishdi, onam esa uning buzilganini va biz shunday uyda yashayotganimizni bilmaydi. Barchani ko‘chirmasdan turib uyni buzishayotgani bizni qo‘rqitadi. Onamni qarindoshlarimiznikiga yuborishni istayman, u esa meni bu yerda yolg‘iz qoldirib ketishni xohlamaydi. Men esa u bilan ketishni istamayman, chunki Marg‘ilon juda sovuq», — deydi Xosiyat opa ko‘zda yoshlari bilan.

Hozircha butun turgan pod’ezdning uchinchi qavatida Lyubov Mixaylovna 63 yoshli qizi Tatyana bilan yashamoqda.

«Bu yerda yashash qo‘rqinchli, lekin biz 27 fevral, chorshanba kuni ko‘chamiz. Bugun men 87 yoshga to‘ldim va mana — tug‘ilgan kunimga syurpriz, deydi ayol xonadoni eshigi oldida yig‘lagancha. — Kecha gaz va suv yo‘q edi, isitish tizimi ham ishlamadi. Bu odamlar ustidan kulish. Biz hali ko‘chmadik, lekin barchasini buzishmoqda. Mening esa qon bosimim bor, oyoqlarim ham og‘riydi».

«Bunday sharoitda yashab bo‘lmaydi. kvartira ijaralari esa qimmat. Narsalarimiz bilan qo‘yishmaydi, hayvonlar bilan ham. Hamma joyda eng kamida 200 dollar, yana rieltorlarga ham berish kerak», — deydi Lyubov Mixaylovna.

Chorshanba kuni oila Yunusobod tumani 7-mavzesiga ko‘chadi. Davlat taklif qilgan pulga hatto gaz plitasi va dushi bo‘lmagan ikki xonali uy topildi.

«Bizga Baynalmilal ko‘chasidagi (Seul sohili) uydan kvartira berishlari kerak. Qurish ishlari 90 foizga tugagan deyishayapti. Bunday holatda ular uyni qurib bitkazib, bizni birdaniga yangi kvartiraga ko‘chira olishmasmikan? Otabek bizga mashina uchun faqat bir marta to‘lanishini aytdi. Ikkinchi marta o‘zimiz to‘lashimiz kerak ekan», — deydi Lyubov Mixaylovna.

Birinchi qavatda Erkin turmush o‘rtog‘i va nogironligi bo‘lgan 10 yoshli o‘g‘li bilan yashaydi. Ular ikki xonali uyda istiqomat qilishadi. Shuning uchun hokimiyat ijaraga turish uchun ikki barobar ko‘proq pul ajratgan. Lekin Erkin topgan uyi hali bo‘shatilmagani uchun 1 martdan avval ko‘cha olmaydi.

«Biz bunday uzilishlardan unchalik qiynalayotganimiz yo‘q. Biz uyda kam bo‘lamiz, lekin qachon bu yerga kelsak, shovqin-suron bo‘ladi. O‘z kvartirangda ko‘ylakda yurishing — to‘g‘ri emas. Ha, biz sovuqqa chidashimiz mumkin, lekin bolachi?» — deb so‘raydi erkak.

Shu vaqtda Davlat aktivlarini boshqarish markazi rahbari Otabek keladi. U bu yerda hech qanday qo‘rqinchli narsa yo‘qligini aytadi. Kimdir uyni qo‘lda buzayotgan bo‘lsa, hech narsa qulab tushmaydi.

«Nega shuncha odam bu yerdan ko‘chib ketdi va faqat ular qolishdi? — deb so‘raydi Otabek. — Hokimiyat barchaga bir xil uy berdi. Xosiyat opa Qori Niyoziydan uy olishni xohladi. Biz unga uy izlashimiz kerak emas. Vazirlar Mahkamasining 97-sonli qarorida hokimiyat faqat yer uchastkalari olib qo‘yilganlarga vaqtinchalik turar-joy izlashi kerakligi ko‘rsatilgan. U yerda kvartiralar haqida gap-so‘z yo‘q. Lekin biz kvartira izladik. Topa olmagan bo‘lsa yana nima qilishim kerak?»

«Qarang, — deydi Otabek binoni ko‘rsatar ekan, — bu uy. Kir izlamang. Og‘ir texnika bu yerda ko‘prik qurilishi uchun turibdi».

«Agar uy uch oy ichida qurib bitkazilmasa, hokimiyat turar-joy ijarasi uchun to‘lashda davom etadi. Buni kafolat xatida yozish shart emas. Hokimiyat „Suzuk ota“ va „Kox ota“ mahallalari aholisi uchun ham to‘rt oy muddatga turar-joy ijarasi uchun to‘ladi. Davlat o‘z odamlarini ko‘chaga uloqtirib tashlamaydi. Bu haqda o‘ylash ham mumkin emas, chunki o‘z davlatingga ishonib bo‘lmas ekan, deb o‘ylashlari mumkin. O‘z davlatiga o‘z otasiga ishonganday ishonish kerak. biz qolgan odamlarga besh, o‘n litrlik idishlarda ichimlik suvi olib keldik. Agar nimadir qilishni istaganimizda ularga suv olib kelar edikmi, nima deb o‘ylaysiz?» — deya qo‘shimcha qildi Otabek.

Kechqurun Xosiyat Xolmatova «Gazeta.uz"ga hokimiyat uni onasi bilan «Obod makon» mahallasidagi yangi uylarga ko‘chirganini ma’lum qildi. Bir hafta avval Shayxontohur tumani hokimi o‘rinbosari Behruz Hakimov 78-uyni buzish taqiqlanganini ma’lum qilgan edi. Biroq uyni buzishni boshlashdi, ijtimoiy zaif fuqarolarni ko‘chirish ishlari esa muxbirning anhor bo‘yiga borganiga qadar amalga oshirilmadi. Tahririyat hokimiyatdan mazkur holat yuzasidan izoh olishning uddasidan chiqmadi. Biz hodisalar rivojini va aholini ko‘chirish ishlarini kuzatib boramiz.