Zo‘ravonlikka qarshi NeMolchi.uz loyihasi asoschisi Irina Matviyenko «eri» tomonidan o‘zga mamlakatga jinsiy qullikka sotib yuborilgan ayol qismati haqida yozdi.

Jizzax viloyatidan bo‘lgan Aziza (ismi o‘zgartirilgan) murakkabliklarga to‘la o‘tmishining har bir lahzasini yaxshi xotirlaydi. Ayniqsa onasi haqida ko‘z yoshlarisiz so‘zlash imkonsiz: axir uning qarori qora kunlarning boshlanishiga sabab bo‘lmadimi…

Birinchi qism. Xoinlik

2016 yil 1 yanvar kuni onasining huzuriga qizlar sovchilikka keldi. Otasi allaqachon vafot etgan, o‘zlari esa katta opasining uyida yashar, pochchasi poytaxtda ishlar edi. Opasi ichkilikka berilgan, tez-tez janjal ko‘tarar edi va onasi Azizaning alohida yashagani yaxshi, degan qarorga keldi. Shu boisdan o‘ylab ham ko‘rmasdan, qizining fikrini so‘rmasdan to‘yga rozilik berib yubordi.

5 yanvar kuni qiz turmush o‘rtog‘ini birinchi marta ko‘rdi. Shu kuni nikoh o‘qilib, yoshlar boshqa viloyatga- erning yashash joyiga ketishdi. Rasmiy nikoh haqida hech kim o‘ylab ham ko‘rmadi.

7 yanvar kuni er zudlik bilan Rossiyaga ishlashga ketdi. Oradan bir qancha vaqt o‘tib uyga bir ayol keldi va unga pasportini ko‘rsatdi. Pasportda Azizaning «eri» bilan rasmiy nikohdan o‘tgani to‘g‘risidagi FHDYO muhri bor edi. Uy ham uning nomiga rasmiylashtirilgan ekan.

Aziza shu ondayoq «eri» bilan bog‘landi va bor gap-so‘zdan xabardor bo‘ldi, «er» uni butun umr sevishini ham aytishni unutmadi. U sog‘inayotgani va tezroq birga bo‘lishni xohlayotganini aytadi. Shu sababdan ham Aziza uning yoniga Rossiyaga ketishga qaror qiladi. U yerda birgalikda ishlab, birga yashashga kelishib olishadi. Erkak barchasini o‘ylab qo‘ygan bo‘lib, Qozog‘istondan Rossiyaga qatnovchi avtobusga chipta ham oladi.

6−7 fevral kunlari Aziza chegaradan o‘tib, kerakli avtobusga o‘tiradi. Yo‘lda yaqin kishisining oldida ishlash va yashash, yorqin kelajak haqida xayollarga beriladi. Biroq bilmasdiki «eri» uni jinsiy qullikka sotib yuborgan, manzilda boshqa qismat kutmoqda.

Ikkinchi qism. Qullik

2016 yil 10 fevral kuni avtobus Permda, Tatariston chegarasiga yaqin joyda to‘xtaydi. Bir qism yo‘lovchilardan boshqa avtobusga o‘tishlari uchun chiqishlari so‘raladi. Ularni kimsasiz o‘rmondagi qo‘riqlanadigan yog‘och uyga olib borishadi. Yaqin-atrofda aholi manzillari yo‘q. Shu yerda bir kecha qolish kerakligi aytiladi. Ikkinchi kuni odamlardan uyumlari, pasportlar olib qo‘yilib, yo‘l kira uchun har kim 5000 dollar ishlab topishi kerakligi shart qilinadi. Qizlar — o‘z tanalari, erkaklar — ularni qo‘riqlash orqali.

Odamlarni xonalarga qamashadi. Bir xonada 14 qiz va xotin yashashni boshlaydi. Ularning barchasi O‘zbekiston va Qirg‘izistondan. Boshqa xonada — erkaklar. Erkaklar soni qancha ekanini Aziza bilmaydi. Biroq ko‘pchilik. «Joyiga borib» ishlashdi: qizlarni e’lon bo‘yicha buyurtma qilishar, ularni kvartiralarga yoki tungi klublarga olib borishardi. Eng ko‘p qurilishlarga olib borishardi. 10−15 va undan ortiq quruvchilar bitta qizni «sotib olishardi». «Quldorlar» qizlarni yerlarga olib borishar va ishchilar bilan to‘la yerto‘lalar yoki baraklarga tashlashardi. Olib kelganlar muayyan vaqt kutib, so‘ngra qizlarni olib qaytishardi. Ayrim «xonadoshlar» yo‘qolib qolishdi. Ular shunchaki «xizmat safari"dan qaytishmadi. Biroq mexanizm ishlar edi: har uch kunda yangi avtobus kelib, O‘zbekistondan uch-qizni tashlab ketar edi. Azizaning aytishicha, ularning yoshi 18−35 atrofida. Bu yerga avvalroq keltirilganlarning aytishicha, ba’zida voyaga yetmagan qizlarni olib kelishgan.

Azizaga omad kuldi. Birinchi kunning o‘zidayoq keksa yoshli erkak oshpazni SIM-karta olib kelishga ko‘ndirdi. U oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilish uchun bu hududdan mustaqil chiqa oladigan yagona kishi edi. Oshpaz uning iltimosini ado etdi va Aziza onasiga qo‘ng‘iroq qildi. onasi esa Jizzax viloyatidagi «Istiqbolli avlod» NNT tezkor aloqa raqami bilan bog‘landi. Shundan so‘ng NNT Xalqaro migratsiya tashkilotiga (XMT) murojaat qildi, tashkilot esa Rossiya huquqni muhofaza qilish organlari bilan bog‘landi. Azizani qutqarish operatsiyasi shu taxlit boshlandi. Biroq kuzatuvchilar Azizaning tashqi dunyo bilan aloqalashganidan xabardor bo‘lib, uni alohida xonaga o‘tkazishdi, uni kaltaklab, ko‘z o‘ngida pasportini yoqishdi. Shundan so‘ng «joyiga borib» ishlashga uni olib ketishmadi. Martda yo‘l kirasini ishlab topishga majburlamoqchi bo‘lishdi, ammo Aziza bu vaqtda homiladorligini bilgan, ularga majburlagan taqdirda o‘z joniga qasd qilishini aytgan edi. Uni o‘z holiga qo‘yishdi.

Uchinchi qism. Qutqarish

Qutqaruv operatsiyasiga bir necha kun qolganda manzildagi barchani noma’lum yerga olib ketishdi. Ichkarida Aziza va uni qo‘riqlash uchun jinoiy guruhning ikki vakili qoldi. 16 mart kuni Perm huquqni muhofaza qilish organlari uni ozod qildi. Ular bilan birga XMTning Rossiyadagi vakilasi ham keldi. Unga qarab turgan ikki nazoratchining keyingi taqdiridan Azizaning xabari bo‘lmadi.

«Istiqbolli avlod» NNTqaytish sertifikatini olish uchun hujjatlarni tayyorlash bilan mashg‘ul bo‘ldi. O‘zbekiston TIV mazkur jarayonni tezlashtirdi. Bu vaqt ichida (45 kun) Aziza Rossiyadagi shelterda qoldi. So‘ngra XMT samolyot chiptasi to‘lovini amalga oshirdi va Aziza vataniga qaytdi. Aeroportda uni «Istiqbolli avlod» NNT Jizzax viloyati yuristi kutib olib, uyiga olib keldi.

NNT xodimlari pasportni tiklashga yordamlashdi, homilador ayolning tibbiy ko‘riklardan o‘tishida hamrohlik qilishdi, uni pazandalik kursida o‘qitishdi (XMT moddiy ko‘magida). Tug‘ruqdan so‘ng Aziza farzandini parvarishlash uchun nafaqa olishni boshladi, Xotin-qizlar qo‘mitasi va «Istiqbolli avlod» markazi yosh onaning farroshlar maktabiga ishga joylashtirishdi. Aziza uning qaytishiga ko‘maklashgan barchadan minnatdor? «Tursunoy opa (Rossiyadagi XMT xodimasi — tahr.), Nazifa opa, Ra’no opa, Sobir akaga katta rahmat».

Jizzax viloyatidagi Ayollar reabilitatsiyasi markazi direktori, «Istiqbolli avlod» NNT (Jizzax) raisi Nafiza Kamolova shunday deydi:

«Bizning NNT 2003 yildan buyon odam savdosi qurbonlari bilan ishlab kelmoqda. Shunday odamlar va ularning qarindoshlari +998911979494 tezkor aloqa raqami orqali murojaat qilishlari mumkin.

Ko‘pchilik odam savdosi qurbonlarida ekspluatatsiyaning bevosita oqibatlari hisoblangan jismoniy va ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolar bo‘ladi. Zo‘rlik bilan ushlab turish va qullik, jismoniy va ruhiy su’iiste’molchiliklar, noinsoniy sharoitlar oqibatida olingan ruhiy muammolar, travmatik tajribalar ko‘p hollarda me’yoriy ruhiy holatdan uzoqlashishga olib keladi. Jinoyatchilar tomonidan uzoq muddat majburan ekspluatatsiya qilingan, noto‘g‘ri axborotlar bilan to‘liq chalg‘itilgan va boshqarilib, qaram holatiga olib kelingan odam savdosi qurbonlari o‘ziga, hayotni yaxshi tomonga o‘zgartirish imkoniyatlariga ishonchni yo‘qotadi. Mamlakatga qaytishda va eski muammolar bilan to‘qnash kelishda bu odamlarda noadekvat xatti-harakatlar va oqibatini o‘ylamasdan qarorlar qabul qilish holatlari paydo bo‘ladi. Bizning NNT maishiy zo‘ravonlik va odam savdosi qurbonlariga ijtimoiy qayta moslashishda yordamlashadi. Mazkur bosqichda qurbonlar ijtimoiy aloqalarini yangidan quradi, o‘z ichki kuchlariga ishonch uyg‘otadi, yanada mustaqil bo‘ladi. Bu bosqichlardan har kim turlicha o‘tadi. Biz har bir murojaat bo‘yicha yordam berish, bu jarayonga Xotin-qizlar qo‘mitasi, «Oila» markazi, huquqni muhofaza qilish organlari, Xalqaro migratsiya tashkiloti va boshqa instansiyalarni jalb etishga harakat qilamiz".

Aziza o‘zini baxtliman deb aytishi mumkin: undan jinsiy maqsadlarda foydanishmadi, u ortga — O‘zbekistonga qaytishga muvaffaq bo‘ldi. «Eri» ayni vaqtda qidiruvda. Biroq, afsuski, Aziza uyiga qaytganidan so‘ng yangi muammolarga to‘qnash keldi.

To‘rtinchi qism. Uydagi «do‘zax"dan qochish

Aziza o‘z uyiga joylashdi. Ikki xonali uyda yetti kishi: Aziza va go‘dagi, keksa onasi, katta opasi, pochchasi va ikki jiyani. Afsuski, opasi va pochchasi tez-tez ichkilikka mukkasidan ketadi. Har safar ichib olganda Azizaga ta’na qilishadi, uni fohishabozlikda, farzandining otasi kimligini bilmaslikda ayblashadi va uydan ketishni talab qilishadi, aks holda bolasi bilan birga o‘ldirish bilan qo‘rqitishadi. Bu kabi janjallarni eshitgan qo‘shnilar unga boshqacha ko‘z bilan qarashni boshlaydi, Azizani haqoratlashadi va uning ortidan kulib, muloqot qilishdan qochishadi.

2019 yil 18 dan 19 yanvarga o‘tar kechasi navbatdagi janjaldan so‘ng Azizaning opasi uni ashyolarini to‘plashini buyuradi. U rad javobini bergach, kaltaklashadi va bolasi bilan uydan majburan chiqarib yuborishadi. Aziza tunni ko‘chada — hovlidagi o‘rindiqda o‘g‘ilchasini isitishga uringancha o‘tkazadi. Ertalab Aziza eshikni qoqadi, opasi uni sochlaridan tutib, ichkariga tortadi. Uning qo‘llaridan yulqinib, ko‘chaga qochadi. Ortidan buyumlarini uloqtirishadi. Ko‘chaga yig‘ilgan qo‘shnilar va o‘tkinchilar voqealarni tomoshabin bo‘lib kuzatadi xolos. Hech kim oraga qo‘shilmaydi.

Shunda Aziza «Istiqbolli avlod» haqida eslab qoladi va NNT rahbari Nazifa Kamolovaga qo‘ng‘iroq qiladi. Bu paytda Nazifa Kamolova O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining Jizzax viloyatidagi bo‘linmasi huzuridagi zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilish markaziga direktor etib tayinlangan edi. Uning maslahati bilan Aziza taksida shelterga keladi. Bu yerda boshpana, taom va ruhiy yordam oladi. Markazda Aziza tikuvchilik kursiga yoziladi, markaz homiylari esa unga tikish mashinasi sovg‘a qiladi.

Aziza Xotin-qizlar qo‘mitasi Tanzila Norboyeva bilan shaxsan suhbatlashadi. Ushbu uchrashuvdan so‘ng «Istiqbolli avlod» NNT bilan hamkorlikda tuman hokimiyati yordamida Aziza fevral oyida ijtimoiy turar-joylar dasturi bo‘yicha bir xonasi alohida uyga ega bo‘ldi.

Shu bilan Azizaning boshiga tushgan ko‘rguliklar tugaganiga ishongimiz keladi. Aziza bugun o‘z uyida o‘z ishi va ertangi kunga ishonch bilan yashamoqda.