Toshkent hokimiyati huzuridagi Jamoatchilik kengashi shanba kungi bayonotida O‘zbekiston poytaxtidagi bir qator binolarni buzish rejalashtirilayotgani munosabati bilan tashvishda ekanini bildirdi. Kengash a’zolari bayonotida Toshkentda shaharni rivojlantirish, renovatsiya dasturlari va eski uy-joylarning buzilishi jarayonidagi pala-partishliklar oqibatida fuqarolar o‘zlarini himoyasiz, shaxsiy mulklarining esa tahdid ostida his etayotgani bilan bog‘liq vaziyatga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi ta’kidlanadi.

Shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning yaqinda Mirzo Ulug‘bek tumani aholisi bilan uchrashuvda: «Aholi bilan kelishmagan holda birorta ha uy buzilmaydi», — degan bayonotini keltirar ekan, jamoatchilik kengashi shahar ma’muriyatining qonunchilikka amal qilish maqsadini qo‘llab-quvvatladi va har tomonlama ko‘mak berishga tayyorligini bildirdi.

«Amaldagi qonunchilikda bu qadar yirik miqyosli dasturlarni amalga oshirishda o‘zgarishlar, qurilish rejalari va boshqa muhim masalalarni aholi bilan kelishish mexanizmlarining tushunarsizligi hamda turar-joy uchun badallar aholi o‘rtasida noroziliklarni paydo qilmoqda», — deyiladi bayonotda.

Jamoatchilik kengashi fikricha, shaharning tasdiqlangan bosh rejasi, rivojlantirish strategiyasi va shaharsozlikka oid boshqa hujjatlarning yo‘qligi qurilish to‘g‘risida shaffof bo‘lmagan qarorlar qabul qilinishiga olib kelmoqda. «Odamlar o‘z hayotlarini rejalashtirishlari, investorlar esa o‘z loyihalarini yanada samarali va rejali ravishda joriy etishlari uchun Toshkentning bosh rejasini ishlab chiqish va e’lon qilish lozim. Bunda yangi binolarni loyihalashtirishda eskirgan muhandislik kommunikatsiya tarmoqlarini yangilash hamda urbanizatsiya jarayoni o‘sib borayotganini va infratuzilmalarga yuklamalar ortishini hisobga olgan holda kengaytirishni ko‘zda tutish zarur», — deyiladi bayonotda.

Kengay a’zolari aholini bo‘lg‘usi o‘zgarishlar to‘g‘risida xabardor qiluvchi renovatsiya bo‘yicha rejalarni amalga oshirish interaktiv xaritasini hamda shaharliklar bilan qayta aloqa mexanizmlarini ishlab chiqish lozim deb hisoblaydi. «Ularga o‘z so‘zlarini aytish imkoniyatini berish, bo‘lg‘usi o‘zgarishlarda birinchi navbatda shahar aholisi manfaatlari hisobga olinishi lozim. Bunday xaritalarning mavjudligi investorlar oldida ijobiy tasavvurni shakllantirib, shaffofsizlik darajasini va shahar hukumatining oldindan aytib bo‘lmas harakatlarini kamaytirishga, Toshkentni rivojlantirishning uzoq muddatli rejalarini belgilashga zamin yaratadi», deb hisoblaydi kengash.

Shaharda ilg‘or texnologik yangiliklarni joriy etishga qaratilgan urinishlarni tan olar ekan, kengash a’zolari shaharliklar uchun qiymatli bo‘lgan, poytaxt mehmonlarini jalb etib kelayotgan Toshkentning noyob obrazini yo‘qotmaslik kerakligini qayd etadi. «Yetakchi urbanistlar fikricha, shaharga faqatgina biznes markazlar soni va yuksakligi emas, balki madaniy, tarixiy va arxitekturaviy qiymat baxsh etuvchi ob’ektlar shaharga o‘ziga xoslik bag‘ishlaydi», — deyiladi bayonotda.

«Jumladan, mustaqil ekspertlar va jamoatchilik ishtirokida zudlik bilan Madaniy yodgorlik ob’ektlari davlat kadastri bino va inshootlarining to‘liq ro‘yxati mezonlarini aniqlash, shakllantirish va e’lon qilish zarur deb hisoblaymiz. Mazkur ro‘yxat tasdiqlangunga qadar esa O‘zbekiston poytaxtida bu kabi ob’ektlarni buzishga moratoriy joriy etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish lozim», — deya taklif qildi kengash a’zolari.

«Toshkent yaqin qo‘shni mamlakatlar tajribasidan, masalan Boltiqbo‘yi shaharlari, Moskvada renovatsiya dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha eng yaxshi tajribalarni olishi mumkin. Yashayotgan uylari buzilishi mumkin bo‘lgan yuz minglab fuqarolar uchun barcha jarayonlarning aniqligi va oldindan ayta olinishini ta’minlash lozim», — deyiladi bayonotda.