O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi Toshkentda bir necha maktabni buzish rejalashtirilayotgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Buzish mumkinligi haqidagi xabarlar avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi.

Bugungi kunga qadar Xalq ta’limi vazirligiga mazkur maktablarning yer uchastkalarini va ko‘chmas mulkini begonalashtirish to‘g‘risidagi arizalar kelib tushmagan, deyiladi XTV matbuot xizmati xabarida.

O‘zbekiston prezidentining 2018 yil 5 sentyabrdagi «Xalq ta’limi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorining 10-bandiga muvofiq, umumta’lim va maktabdan tashqari muassasalarining yer uchastkalarini hamda ko‘chmas mulkini Xalq ta’limi vaziri bilan kelishmasdan begonalashtirish taqiqlanadi.

Bu hafta «Potrebitel.Uz» Facebook-guruhi ishtirokchisi shunday xabar qoldirdi: «Bugun ushbu ro‘yxatdagi maktablar 2019 yilda buzilishi to‘g‘risida ma’lumot paydo bo‘ldi». Postga Toshkentdagi maktablar ro‘yxati skrinshoti ilova qilindi.

Xalq ta’limi vazirligi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar sektori boshlig‘i Anvar Umarov «Gazeta.uz"ga manbasi ko‘rsatilmagan holda e’lon qilingan jadval parchasi aslida 2019 yilda eng samarali faoliyat ko‘rsatgan maktablar reytingida ishtirok etgan ta’lim muassasalari (PDF) ro‘yxatiga aynan o‘xshashini ma’lum qildi.

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi saytida 7 fevral kuni e’lon qilingan ro‘yxat reytingda ishtirok etish uchun butun O‘zbekiston bo‘yicha saralab olingan 956 ta maktabni o‘z ichiga oladi.