Toshkentning Yunusobod tumanidagi 5-maktabning 10-sinf o‘quvchisi M.M. (2003 y. t.) chorshanba kuni maktabga MINI UZI IWI rusumli plastmassali pnevmatik to‘pponcha-pulemyot bilan keldi. Profilaktika inspektori yuqori sinf o‘quvchilarining shaxsiy buyumlarini tekshirish vaqtida qurol va o‘q-dorilar borligini aniqladi.

Qurol hayot uchun xavf tug‘dirmaydi, «aks holda erkin savdoda sotilmas edi». «Bu to‘pponcha hatto qog‘ozni teshib o‘tolmaydi. U plastmassadan», — deya xabar qildi Yunusobod tuman ichki ishlar bo‘limi vakili «Gazeta.uz"ga.

O‘quvchiga to‘pponchani sotgan tadbirkor o‘tgan yili Ichki ishlar vazirligiga O‘zbekiston hududiga pnevmatik qurollar, kamon, arbaletlar va ularga aksessuarlarni olib kirish va ro‘yxatdan o‘tkazish tartiblari to‘g‘risida tushuntirish so‘rab murojaat qilgan. U Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 15 avgustidagi qarori bilan tasdiqlangan «Tadbirkorlik faoliyati sohasida ruxsat beruvchi hujjatlar ro‘yxati"ning 38-bandi hamda Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 31 dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan «Ruxsat beruvchi hujjatlar va ularni berishga vakolatli organlar ro‘yxati"ning 10-bandiga muvofiq, Ichki ishlar vazirligi ruxsati asosida faqat sport hamda ov o‘q ota qurollari va ularning o‘q-dorilarini sotib olish, olib chiqish, saqlash, olib yurish va foydalanish mumkinligi to‘g‘risida javob oladi.

Biroq O‘zbekiston Oliy sudining 1996 yil 27 fevraldagi plenumining «Qurollarga noqonuniy egalik qilish to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida"gi qarorining 2-bandiga ko‘ra, pnevmatik qurollar o‘q otar qurollarga taalluqli emas.

«Ushbu tadbirkor rasman murojaat qildi va javob oldi. Demak, pattaga ushbu xat va pnevmatik qurol texnika xavfsizligi ilova qilinadi», — dedi Yunusobod tuman IIB vakili.

Yuqori sinf o‘quvchisining ota-onalari bilan profilaktik suhbat o‘tkazildi.