21 fevral kuni Innovatsion rivojlanish vazirligiga Jahon banki missiyasining rahbari, Yevropa va Markaziy Osiyo hududi bo‘yicha moliya, raqobatbardoshlik va innovatsiyalar sohasidagi global amaliyot direktori Alfonso Garsia Mora hamda yetakchi iqtisodchi va maqsadli guruh rahbari Stefki Slavovoy tashrif buyurdi, deya xabar qildi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga. Jahon banki delegatsiyasini Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov o‘z jamoasi vakillari bilan qabul qildi.

Suhbat chog‘ida vazirlikning va Jahon bankining amalga oshirilayotgan va rejalashtirilgan ishlari muhokama qilindi. Jumladan, «Institutsional imkoniyatlarni kengaytirishga texnik ko‘maklashish» kredit liniyasini tayyorlash va innovatsiyalar bo‘yicha yangi kredit liniyasini ochishga hozirlash masalasi suhbat ishtirokchilarining diqqat markazida bo‘ldi.


Jahon banki O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada jadallashtirishga qanday ko‘mak bera olishi haqida gapirilarkan, mamlakatning innovatsion rivojlanish yo‘lini tanlab, inson kapitaliga katta e’tibor qaratayotgani e’tirof etildi.

Innovatsion rivojlanish vaziri keyingi yillarda ilm-fanni moliyalashtirish tizimi o‘zgargani — endi ilmiy-tadqiqot institutlarga emas, balki alohida loyihalarga maqsadli mablag‘ ajratilayotgani va qo‘lga kiritilgan ilmiy izlanishlar natijalari amaliyotga tatbiq etilishi kutilayotganini aytib o‘tdi.

Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, startap-loyihalarni moliyalashtirish va startapchilar bilan malakali mentorlar ishlashini ta’minlash hamda innovatsion markazlar faoliyatini takomillashtirish kabi masalalarda fikr almashildi.